Jamiyat | 16:46 / 01.06.2018
6553
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati IIB imkoniyati cheklangan bolalar uyiga borishdi

Mehr-muruvvat, xayr-saxovat kabi ezgu fazilatlar xalqimizning azaliy qadriyatlari sirasiga kiradi. Chindan ham muhtojlarga yordam ko‘rsatish, mehr-muruvvatga tashna insonlar holidan xabar olish millatimizning go‘zal sifatlaridan sanaladi.

Yurtimizda yoz nafasi kezib, «1iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» nishonlanayotgan ushbu kunlarda bunday xayrli tadbirlarga har qadamda guvoh bo‘lish mumkin. Ayniqsa, bayram munosabati bilan bolajonlarga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish, quvonchlariga sherik bo‘lish - ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mana bir necha yildirki, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda o‘smirlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan suhbat va uchrashuvlar barobarida, viloyat hududidagi e'tiborga muhtoj bolalar o‘rtasida mehr-muruvvat tadbirlarini o‘tkazib borish xayrli an'anaga aylangan. Ana shunday tadbirlardan biri Qibray tumanida joylashgan Toshkent viloyati psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan bolalar uyida tashkil etildi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu muassasa tarbiyalanuvchilariga sovg‘a-salomlar berildi. Bayram tuhfalarini mamnuniyat bilan qabul qilgan bolalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, she'ru-raqslar, shuningdek, Respublika Yosh tomoshabinlar teatri san'atkorlari tomonidan tayyorlangan ertak qahramonlari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari tadbir qatnashchilariga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari Qibray tumani Toshkent Issiqlik elektr stansiyasi ko‘chasida yashovchi 1-guruh nogironi Miynosir Nazirov xonadoniga tashrif buyurib, bayram munosabati bilan qimmatbaho sovg‘alar va nogironlik aravachasi taqdim etdilar. 

Albatta, ushbu tadbirlarning tub zaminida mehr va e'tiborga muhtoj yosh qalblarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kabi ezgu fazilatlar mujassam.

Mavzuga oid