Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adabiyotshunos olim rektorat va ularning “bunker”i haqda keskin fikr bildirdi (video)
Ta'lim tizimini isloh etish jamiyat kelajagini mustahkamlovchi siyosiy harakatlardan biridir. Chunki ana shu islohot zamirida qanchadan qancha illatlarning barham topishi, tizimga yangicha qarash va yondashuv yotadi. Umuman olganda bugungi davr O‘zbekistoni uchun yangi ta'lim islohoti zarur. Bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali ko‘plab chiqishlar qilinmoqda va ularda turli fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda.
“O‘zbekiston” telekanali orqali “Munosabat” ko‘rsatuvining 31 mayda efirga uzatilgan navbatdagi sonida ham aynan mana shu mavzu ko‘tarildi. Unda so‘zga chiqqan adabiyotshunos olim Omonulla Madayev quyidagi fikrlarni o‘rtaga tashladi.
“Hozir bu yerda juda ko‘p munozaralar bo‘lyapti. Shu yerda kimdir auditoriyada telefonlarni nazorat qilganligi haqida gapirdi.
O‘qituvchilar hamma bolalardan 10 dollardan pul yig‘ib olishibdi. Keyin abituriyentlar telefondan bemalol foydalanishgan. Bu gadoychilik emasmi? Bu o‘qituvchi nomiga nomus, uyat, dahshatli bir fojia emasmi?
Men aytayapman, hozir gapiraverasizlar, lekin eng oliy darajadagi abituriyent o‘zining oliy darajadagi ishini qilaveradi. Men bunga yuz foiz ishonaman. Men 1966 yildan buyon qabul komissiyasida ishlayman. 1990 yildan keyin repetitorlik bilan shug‘ullandim. 30 yil davomida repetitorlik qildim. Yodingizda bo‘lsin, puxta tayyorlangan o‘quvchi hamisha o‘qishga kiradi.
Ammo istalgan payt o‘z manfaatini ko‘zlaydigan, o‘zining manfaati bilan ish qiladiganlar bor. Siz mana “bunker” deyapsiz. “Bunker” – juda katta xo‘jalik. Unda bir kun ishlagan o‘qituvchi 500 dan 1000 dollargacha oladi. “Bunker” tashkil qilinadigan joylarda yotadigan, ovqatlanadigan joyi bo‘ladi. Buni rektor yoki rektorat bilmasa, kim shug‘ullanadi bu narsa bilan?
Tasavvur qiling, bugungi kunda kontrakt bilan o‘qigan odam hali rektor bo‘lgani yo‘q. Rektorlarning barchasi davlat iqtisodidan o‘qigan odamlar. Shu odamlarning ham tepasida xo‘jayinlari bor. “Bitta bolamni o‘qishga kirita olmasang, nima qilib yuribsan?”, deyishadi. Natijada ular ham “bunker” qilishga majbur bo‘ladi”, - dedi o‘z fikrlarini bildirar ekan O.Madayev.
Boshlovchining millat kelajagi haqidagi gaplariga adabiyotshunos olim keskin javob qaytardi.
“Hozir millatning kelajagi bilan ish qiladigan odamning o‘zi yo‘q. Agar prezidentning yangi qabul qilgan qarori («Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi – tahr) ishga tushmaydigan bo‘lsa, hech qanday foydasi bo‘lmaydi.
Qarorni amalga oshishi uchun uning asosiy ijrochisi qabul imtihonida ishlaydigan mas'ul odamlardir. Rektorat, prorektorlar, qabul imtihonining raislari, muovinlar – mana shular. Lekin ularning har birida o‘qishga kiradigan bir nafar odam bor”, - deya ta'kidladi Omonulla Madayev.
Mavzuga oid
11:10 / 08.06.2026
Nodavlat ta’lim muassasalari qonunbuzilish xavfi bo‘yicha baholanadi
13:43 / 02.06.2026
“Davlat maktablarining asosiy vazifasi bolalarni ma’lum vaqt ushlab turish bo‘lib qoldi” – Hamid Sodiq
08:38 / 02.06.2026
Germaniyada o‘zbekistonlik yoshlar uchun maxsus ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
16:49 / 30.05.2026