Light | 23:40 / 03.06.2018
18335
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim uchun vaqt bormi: 15 daqiqa qoidasi

Foto: Fotolia

Hozirgi kunda bepul kurslar va ta'lim uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Biroq biz xorijiy tilni o‘rganish, OTMga kirish imtihonlariga tayyorlanish, yangi sohani egallash yoki sport bilan shug‘ullanishni kelajakdagi noaniq muddatga qoldirib, buning uchun qachondir vaqt ajratishga umid qilamiz.

Haqiqatda esa bu muddat hech qachon kelmasligi ehtimoli juda katta. Buning uchun vaqt bo‘lmasa ham imkoniyatni aynan hozir izlashdan o‘zga chora yo‘q. Masalan, 15 daqiqa qoidasidan boshlash kerak.

Ishni kichkina narsalardan boshlang

Xorijiy tilni o‘rganish uchun hozirgi kunda qimmatbaho narsa – juda ko‘p vaqt talab etiladi. Biroq buni har kuni 15 daqiqadan boshlasa ham bo‘ladi. Nonushta vaqti yoki undan keyin, ish orasidagi tanaffus, transport yoki uxlashdan oldin 15 daqiqa ajratish.

Bu bizga nima beradi? Kuniga 15 daqiqa shug‘ullansangiz ham buning uchun yiliga 91 soat sarflaysiz. Bu esa kam emas. Albatta, kuniga 15 daqiqa sarflab, 91 soatda xorijiy tilni to‘liq o‘rganish yoki mohir marafonchiga aylanishning imkoni yo‘q. Biroq aynan 15 daqiqali start yangi maqsadlar sari harakatlanishga yo‘l qo‘ymayotgan ruhiy to‘siq va yalqovlikni yengishga yordam beradi.

So‘fito‘rg‘ay yoki boyo‘g‘li?

Biz uchun kerakli 15 daqiqani qayerdan olish kerak? Dastlab siz kunning qaysi qismi – ertalab, kunduzi yoki kechki paytda faol ekaningizni aniqlab oling. Aynan shu davrda 15 daqiqali rejani boshlang.

Jarayonlarni birgalikda olib boring yoki ularni almashtirib turing

Hatto ishxonada jarayondan chalg‘ish imkoniyati bo‘lmasa ham ofis yoki uyga yetib olish uchun ketadigan vaqtga diqqatingizni qarating. Balki metro yoki avtobusda ketishni kichik ta'lim mashg‘uloti bilan birgalikda amalga oshirish mumkindir?

Ishdan bo‘sh vaqtingizda nima bilan mashg‘ul ekaningizni tahlil qiling. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirasiz yoki televizor ko‘rasizmi? Agar odatlaringizdan voz kechishni istamasangiz (aslida miyangiz bu mashg‘ulotlar vaqtida dam olmaydi), so‘nggi 15-30 daqiqani foydali ishga sarflab, vaqtni qisqartiring.

O‘lchamga ega maqsadlar o‘ylab toping

Maqsadsiz shug‘ullanib bo‘lmaydi. Biroz vaqt o‘tgach, bu joningizga tegadi va boshlagan ishingizni yarim yo‘lda tashlab ketasiz. O‘z oldingizga o‘lchamga ega aniq maqsadlar qo‘ying.

Masalan:

- bu haftada nimani o‘rganishingiz kerak?

- keyingi haftada qanday yangi bilimlarni o‘zlashtirmoqchisiz?

- bir oydan keyin qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishni istaysiz?

- bilimlar natijasida nimalarga erishishni xohlaysiz?

Orzu qiling, yozing va shaxsiy rejangizni amalga oshirishni boshlang.

“Shaxsiy” uslublaringizni tanlang

Shunday shug‘ullaningki, bu sizga zavq olib kelsin. O‘qing, filmlar tomosha qiling, podkastlar tinglang yoki masalalar yeching. Agar yangi so‘zlarni yod olish sizga yoqmasa, sevimli kitob, qo‘shiq va filmlaringizdagi so‘z birikmalari va gaplarni o‘rganing. Photoshop’da ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishni istaysizmi? Do‘stingiz yoki qarindoshingizga tug‘ilgan kuni uchun uning suratlari jamlangan ishingizni sovg‘a qilish haqida o‘ylab ko‘ring.

Kuniga bor-yo‘g‘i 15 daqiqa hayotni o‘zgartirish va anchadan beri orzu qilgan narsangizga erishishga yordam beradi. Buning uchun boshlashning o‘zi kifoya.

Mavzuga oid