Ayollar dunyosi | 11:41 / 22.08.2025
1942
3 daqiqa o‘qiladi

“Vaqt yetishmaydi” deydigan ayollar uchun: hayotingizni yengillashtiradigan maslahatlar

Bugungi ayol - ishchi, ona, rafiqa, farzand, singil, do‘st, shogird va ustoz. Kun davomida turli rollarda harakatlanish, har bir sohada mas’uliyatni his qilish... va buning barchasiga yetishish kerak. Shunday ekan, ayollar uchun vaqtni boshqarish - nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki ichki xotirjamlik va hayot sifati uchun juda muhim.

Foto: AP

Bugun ayollar uchun hayotni yengillashtiruvchi amaliy maslahatlarni to‘pladik. Ularni o‘z kun tartibingizga moslashtirib, siz ham «hammasiga ulgurish» tuyg‘usini emas, balki muhim ishlarni bajarishga erisha olasiz.

Nega vaqt yetishmaydi?

Aksariyat ayollar vaqt yetishmasligidan shikoyat qilishadi. Buni qiyinchilik emas, balki hayotdagi bir voqelik deb qabul qilish mumkin. Quyida eng ko‘p uchraydigan sabablar:

  • Haddan tashqari ko‘p vazifalar (uy, bola, ish, ta’lim)
  • Qaysi ishni birinchi qilish kerakligini bilmaslik
  • Hammasini yelkaga olish — o‘zini emas, boshqalarni birinchi qo‘yish
  • Ijtimoiy tarmoqlar, telefon, televizor kabi diqqatni chalg‘ituvchilar

Nima qilish mumkin? Samarali usullar

Muhim ishlarga ustuvorlik bering: har kuni o‘z oldingizga faqat 3 ta asosiy vazifani qo‘ying. Qisqa qilib aytganda, “ahamiyatli ishlarga ahamiyat bering”.

“Vaqt bloklash” usulini sinab ko‘ring: kunni qismlarga bo‘lib, har bir bo‘limga aniq vazifa belgilab oling:

– Ertalab: uy ishlari

– Tushdan keyin: ish yoki shaxsiy rivoj

– Kechqurun: dam olish, farzandlar bilan vaqt o‘tkazish.

Hammasiga “ha” deb aytish shart emas: “yo‘q” deyish — bu hurmatsizlik emas, o‘zingizni himoya qilish. Vaqtingizni juda zarur ishlar uchun saqlang. Ideallikka emas, samaradorlikka intiling: “Barchasini a’lo bajarishim kerak” degan fikr — charchoq va siqilishga sabab bo‘ladi. Yetarlicha yaxshi natija — bu ham yutuq.

Onalar uchun: bolalarni uy ishlariga jalb qiling (bu ular uchun ham tarbiya). Tushdan keyin o‘zingiz uchun vaqt ajrating — hatto 20 daqiqa bo‘lsa ham.

Ishbilarmonlar uchun: kerakli kontentlarni tanlab o‘qish, vaqt tejaydi. Onlayn planerlardan foydalaning (Google Calendar, Notion va boshqalar).

Uydagi ayollar uchun: ertalab kunni aniq reja bilan boshlang: uyg‘onish, dush, nonushta, kechgacha vazifalar. Televizor yoki telefondagi vaqtni cheklang — bu ortiqcha charchoqni kamaytiradi.

Vaqt — sizga beriladigan eng katta resurs

Ayollar — hayotni bezaydigan shaxslar. Ular uchun vaqtni boshqarish — bu nafaqat reja tuzish, balki o‘zini qadrlashdir. Shuning uchun eng muhim narsani unutmang: hammasiga ulgurish shart emas, muhimi — sizning qimmatli vaqtingiz qaysi ishlarga sarflanayotgani.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid