O‘zbekiston | 23:34 / 04.06.2018
7952
2 daqiqa o‘qiladi

Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi ta'sis etiladi

Foto: imombuhoriy.uz

Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiya davlatidan kelgan islomshunos olimlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Turkiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari 30 dan ortiq professor-o‘qituvchilari o‘z yurtlarida Islom dinining o‘qitilishi va foydalaniladigan adabiyotlar, manbaalar haqida ma'lumot berdi.

Tadbir davomida Imom Buxoriy ilmiy tadqiqot markazi va Turkiyaning Istanbul universiteti ilohiyot fakulteti, Ibn Xoldun, Kastomono va Istanbul zain universitetlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha memorandum imzolandi.

Ushbu memorandum asosida kelajakda o‘zaro kadrlar almashish va Turkiya fondlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlarini o‘rganish, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish va xalqqa yetkazish asosiy maqsad qilingan. Bundan tashqari, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan tadqiqotchilariga turkiyalik professor-o‘qituvchilarning rahbarlik qilishi va, aksincha, ularning ilmiy ishlariga bizning olimlar rahbarlik qilishi ham rejalashtirilgan.

Xalqaro tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasini ta'sis etib, buyuk muhaddis bobomizning ilmiy merosini o‘rganayotgan boshqa davlatlardagi o‘rganuvchilarni rag‘batlantirib borish ham nazarda tutilgan.

O‘.Xudoyberdiyev.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid