23:48 / 04.06.2018
8833

Qozog‘istonda energetika vazirining yana bir o‘rinbosari hibsga olindi    

Bakitjon Jaksaliyev Foto: primeminister.kz

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Bakitjon Jaksaliyev ko‘lni tozalash ishlarini qabul qilishda o‘z xizmat vakolatlarini suiste'mol qilish gumoni bilan hibsga olindi. Ta'kidlanishicha, u davlat byudjyetiga 2 mln dollardan ko‘proq zarar yetkazgan. Jaksaliyev ko‘lni tozalash ishlariga sarf-xarajatlar 30 marta oshirib yuborilganini bila turib “Aymak va K” pudratchi tashkilot foydasiga ishlarni qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘ygan. 

U umumiy qiymati 863 mln tengega (2,6 mln dollar) teng dalolatnomani qonunga zid ravishda imzolangan. Sud ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, bajarilmagan ishlar qiymati 746 million tengeni (2,25 mln dollar) tashkil qilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan uy qamog‘i ko‘rinishida ehtiyot chorasi ko‘rilgan.  

2018 yil martida korrupsiyada gumon bilan energetika vazirining boshqa o‘rinbosari Gani Sadibekov hibsga olingandi. Ta'kidlanishicha, u tomonidan imzolangan soxta dalolatnomalarga ko‘ra vazirlik 2017 yilda Shuchinsko-Borovskiy kurortidagi ko‘lni tozalash ishlariga 3,6 mlrd tenge (11 mln 180 ming dollar) to‘lagan. Bu qiymatdan 1 mlrd tengedan (3,1 mln dollar) ko‘prog‘i naqdlashtirib olingan. Bu summa tintuv vaqtida aniqlanib, musodara qilingan. Bundan tashqari, 2018 yilda ko‘lni tozalash uchun ajratilgan 1,5 mlrd tenge (4,7 mln dollar) mablag‘ning o‘g‘irlanishi oldi olingan.

Top