Jamiyat | 00:35 / 05.06.2018
11142
4 daqiqa o‘qiladi

Xayriya: Rossiyadagi amaliyotlar Farhodjonga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi – endi u ikkinchi bosqichni kutmoqda

Qodir Alloh Yer yuzini turfa rangda yaratib, turfa maxluqotlarga boshpana qilib berdi. Unda inson zotini o‘ziga o‘rinbosar qilish bilan Odam farzandini sharafladi. O‘rinbosari bu dunyo hayotida qanday istiqomat qilishini sinash uchun Yerni o‘tkinchi maydon bo‘lishini iroda qildi. 

Kimdir yaxshilik qilishga o‘ch bo‘lsa, yana kimdir nafs va shayton quliga aylanadi. Inson zoti yaralibdiki, hayotda turli sinovlarga duch keladi. “Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ bo‘ladi. Bunga deyarli har birimiz hayotimizda bir necha bor amin bo‘lganmiz, desak xato qilmaymiz. 

O‘sha qorong‘u kunlarda kimdir boshqalarning moddiy va ayniqsa ma'naviy yordamiga muhtoj bo‘ladi. Toshkent tumani Keles shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz Farhodjon Xudoynazarov hayotining qorong‘u kechalarini boshidan kechirayotganlardan. Ammo uning yorug‘ kunlari yaqinlashmoqda, insha Alloh. Shunday deyishga asoslarimiz bor. 

Ma'lumki, KUN.UZ sayti dahshatli YTH oqibatida boshidan qattiq jarohat olgan va koma holatiga tushib qolgan Farhodjonning davolanishi uchun xayriya aksiyasi o‘tkazgan edi

Bir necha oy ichida uning Rossiyada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va davolash kursini o‘tashi uchun zarur mablag‘ yig‘ildi. Shundan so‘ng, A.L.Polenov nomli Rossiya neyrojarrohlik ilmiy-tadqiqot instituti shifoxonasiga yo‘l oldi.

Biz Farhodjon Sankt-Peterburgdan qaytganini eshitishimiz bilan shunday fazilatli kunlarda uning holidan xabar olish maqsadida xonadoniga bordik. 

Onasi Mamlakat opaning aytishicha, jarrohlik amaliyoti juda yaxshi o‘tgan. Farhodjonning avvalgi holati bilan taqqoslaganda sezilarli ijobiy o‘zgarish bor. U atrofga qaramoqda, gapirgan kishiga ko‘zini yumish bilan javob qaytarmoqda, esnash, aksirish, yo‘talish kabilar bor. 

Faqat Farhodjon bir martalik muolaja bilan oyoqqa turmasligi ma'lum bo‘lgan. U nasib bo‘lsa, shu yilning avgust-sentabr oyida A.L.Polenov nomli Rossiya neyrojarrohlik ilmiy-tadqiqot instituti tavsiyasiga binoan yana ushbu shifoxonaga boradi. U yerda ikkinchi bosqich muolajalarni oladi, bosh chanog‘ining chap tomonida plastik operatsiya qilinadi. 

Buning uchun Farhodjon yana hamyurtlari, saxovatpesha vatandoshlari, siz yaxshilarning moddiy va ma'naviy ko‘magiga muhtoj. Azizlar, shuni quvonch bilan ta'kidlash kerak, siz-u biz, Farhodning davolanishi uchun katta-kichik hissasini qo‘shganlar, qo‘shayotganlar, duosida eslaganlar, eslayotganlar barchamiz Allohning inoyati bilan yana bir katta yutuq ostonasida turibmiz. 

Birgalikda yana g‘ayrat qilsak, bir maqsad yo‘lida jipslashsak, sog‘ayishni boshlagan Farhodjon hayotida ham yorug‘ kunlar boshlansa, jajji farzandlarining bag‘riga qaytib, ularning quvonchiga bizlarni ham sherik qilsa! Shunday bo‘ladi ham Xudo xohlasa. Buning uchun ozgina vaqt, sabr va siz-u bizning moddiy-ma'naviy ko‘magimiz zarur. Azizlar, kelinglar, savobni to‘liq qilaylik, xayrli amalimizni oxiriga yetkazib qo‘yaylik, Farhodjon shifo topishiga yordam beraylik!

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:

Click, Payme ​(Agrobank)

8600 0417 7251 4833

Hudoynazarova Mamlakat​

Agrobank VISA

4187 8200 0007 0720

Tel: +99893 565 09 63 Hudoynazarova Mamlakat​

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid