17:52 / 05.06.2018
22847

Poytaxt pasport stollarida navbatlar haqiqatdan turnaqatormi?

2018 yil 1 iyuldan e'tiboran O‘zbekistonda eski namunadagi fuqarolik pasportlari amal qilish muddati poyoniga yetadi. Uning o‘rniga 16 yoshga to‘lgan barcha o‘zbekistonliklar biometrik pasportlarga ega bo‘lishi talab etiladi. Yangi pasportga o‘tish bo‘yicha 4 yil vaqt berildi. Biroq ayrimlar bu masalaga jiddiy e'tibor berishmadi yoki paysalga solishdi. 

Ba'zi xorijiy OAV bu haqda turlii xabarlarni tarqatishdi. KUN.UZ Toshkent shahrining Uchtepa va Chilonzor tumani misolida (ayni tumanlar aholi eng zich yashaydigan tumanlar hisoblanadi) yangi pasport olish uchun navbatga turishlar qanchalik jiddiy ekani, umuman bu boradagi haqiqiy holat bilan tanishdi. 

Dastavval Uchtepa tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga bordik va yangi pasport olish, umuman bo‘limdagi faoliyat qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishdik. 

MvaFRBga borishimiz bilan e'tiborimizni tortgan jihati shu bo‘ldiki, bo‘limni ertalab soat 8dan ish boshlayotgani, biz borgan vaqtda soat 9 yarim bo‘layotganiga qaramay, odamlar kamchilik edi. Biz ayni vaqtda tumanda eski pasportlarni yangilariga almashtirish qanchalik yakunlangani haqidagi savol bilan tuman MvaFRB boshlig‘i podpolkovnik Kozim Oripovga murojaat qildik.

Kozim Oripov

“OAVlarda pasport almashtirishga qisqa muddat qolgani haqida e'lon berilganidan so‘ng, ertasiga 479 fuqaro murojaat qildi. Shundan 237 kishi suratga olingan. 109 kishi biometrik pasportini olgan. Bundan tashqari vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish uchun 25-30 kishiga xizmat ko‘rsatiladi. 

Ro‘yxatdan o‘chish, ya'ni ichki migratsiya masalasida 150-180 kishi atrofida fuqaro qabul qilinadi. Shu bilan birga, tumanda tashkil etilgan 8 ta shahar ichki ishlar bo‘limlaridan ham 60-70 fuqaroning hujjati keltiriladi”, - dedi K.Oripov.

Uning aytishicha, tumanda eski pasportlarga almashtirish 100 foiz yakunlangan. Bugungi kunda ayrim qariyalar va nogironlar, shuningdek 16 yoshni to‘ldirganlargina yangi pasport olish masalasida murojaat qilmoqda. Nogironlardan uyida yotib qolganlarga esa, ko‘chma pasport berish punktlari borib xizmat ko‘rsatmoqda. 

Biz shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan bog‘lanib, pasportlarning o‘z muddatida yetkazib berilmayotganiga doir xabarlarga oydinlik kiritishni so‘radik. ShIIBB mulozimining aytishicha, tumanlardagi MvaFR bo‘limlari o‘zlariga topshirilgan vazifalarni o‘z vaqtida ado etishmoqda, biroq “Davlat belgisi” davlat korxonasi buyurtmalarni o‘z vaqtida bajara olmayotgani asosiy sabab ekanini bildirdi. 

Mazkur tumandan keyin Chilonzor tumani MvaFRBga yo‘l oldik. Bu yerga kelganimizda soat 11ga yaqinlashayotganiga qaramay, navbatlar unchalik ham ko‘p emasligiga guvoh bo‘ldik. 

Bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Yo‘ldosh Mo‘minov buning sababini shunday izohladi: “Chilonzor tumani aholisining pasport yoshidagi fuqarolarining 99 foiziga yangi pasportlar berib bo‘lingan. Qolgan bir foizining aksaridan ham suratlari va barmoq izlari olingan. Shu boisdan ham navbatlar kam”, - dedi Y.Mo‘minov.

Yo‘ldosh Mo‘minov

Eslatib o‘tamiz, 2011 yil yanvaridan O‘zbekiston biometrik pasport tizimiga o‘tishini e'lon qilib, 2015 yil dekabrigacha muddat belgilagan edi. Keyinchalik, bu muddat 2018 yil 1 iyuligacha uzaytirildi. 
 
Qayd etish o‘rinliki, agar 1 iyulgacha yangi pasport olmagan fuqaroga eng kam oylik ish haqining 3 baravari (540 ming so‘mdan ko‘p) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Top