22:01 / 06.06.2018
9154

Chiqindilarni qayta ishlashga doir tizimlar mavjud, ishga kirishilsa bo‘lgani

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yiliga 700 ming tonna maishiy chiqindi Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlarning yarmidan ko‘pi, ya'ni 60 foizi uy-joy kommunal xo‘jaliklarning maishiy chiqindilaridir. Shunday ekan, bu raqamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimizga bog‘liqdir. 

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo Xalqaro ekologiya forumi (MOXEF)ning ikkinchi kunida maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ularni boshqarish masalalari muhokama qilindi. Yevropa va MDH mamlakatlarining qattiq maishiy chiqindilar (QMCh)ni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari chiqindilarni qayta ishlashga sarmoya kiritish naqadar muhimligi haqida so‘z yuritishdi. 

«Max Aicher» (Germaniya) kompaniyalar guruhi vakili Tomas Shuman MOXEF doirasidagi sessiyadagi chiqishida maishiy chiqindilarni qayta ishlash muammo emasligini ta'kidladi. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash yo‘nalishida kerakli tizim va sxemalar mavjud. Ulardan foydalanib, ishlansa bo‘lgani. 

"Chiqindilarga doir tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qayta ishlash sektorida investitsiyalar bor. Ishlab chiqarish quvvatlari bor, biroq chiqindilarni to‘plash, ularni saralash kabi muammolar mavjud", - dedi MDH va Rossiyada korporativ boshqaruv va barqaror rivojlanish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha guruhlar direktori Ivan Barlosa. 

Foto: KUN.UZ

Sessiyada shuningdek chiqindilarni qayta ishlash bilan asosan xususiy kompaniyalar shug‘ullanishi qayd etildi. Yirik qayta ishlovchi kompaniyalar loyihalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, maydalari esa ko‘pincha e'tiborsiz qoladi. Bu yo‘nalishda davlat-xususiy sektor hamkorligi juda muhim. 

2017 yilda O‘zbekistonda QMCh utilizatsiyasi bo‘yicha to‘liq siklli zamonaviy klasterlar yo‘lga qo‘yildi: chiqindilarni to‘plashdan to uni qayta ishlashgacha. 2017 yilning aprelida O‘zbekiston prezidenti tomonidan "2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq tizimni tubdan takomillashtirish va rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda sanitar va ekologik sharoitni yaxshilashga yo‘naltirilgan.

Top