O‘zbekiston | 17:02 / 07.06.2018
3633
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Polsha investitsiya va savdo agentligi vakolatxonasi ochiladi 

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 7 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Polsha tashqi ishlar vazirlari vakillari siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjyey Papej boshchiligidagi delegatsiya bilan TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari birgalikda tahlil qilindi.

Uchrashuvda oliy va yuqori darajalardagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, parlamentlararo almashinuv, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini Varshava shahrida o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, shu kunga qadar O‘zbekiston-Polsha munosabatlarida 41 hujjatdan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi. Tomonlar O‘zbekiston va Polshaning davlat va jamoatchilik tuzilmalari, biznes, fan va ta'lim muassasalari, madaniyat va san'at vakillari o‘rtasida ulkan ijobiy hamkorlik tajribasi orttirildi.

Uchrashuvda alohida e'tibor o‘zaro savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlarga qaratildi. Shu o‘rinda Polsha delegatsiyasi tarkibida o‘zbekistonlik hamkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishdan manfaatdor Polsha yetakchi kompaniyalari vakillari borligi, Toshkent va Buxoroda biznes forumlari rejalashtirilganligi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan Polsha investitsiya va savdo agentligi vakolatxonasini Toshkent shahrida ochish bo‘yicha Polsha tomoni qarorini O‘zbekiston tomoni qo‘llab-quvvatladi.

Maslahatlashuvlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Muzokaralarda Polsha elchisi Pyotr Ivashkevish ishtirok etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid