08:32 / 09.06.2018
20886

Qozog‘iston orqali Turkiyaga yuborilmoqchi bo‘lgan ayollar to‘xtatib qolindi - IIV

O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 2 iyun kuni Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, noqonuniy ravishda Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahri orqali Turkiyaga yuborilmoqchi bo‘lgan ayollar guruhi to‘xtatib qolindi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu yuborilayotgan 5 nafar ayolni Turkiyaning Istanbul shahrida Munira (ismi shartli ravishda o‘zgartirilgan) ismli ayol kutib olishi kerak bo‘lgan. Chunki, Munira Namangan viloyatida yashovchi singlisi va uning tanishiga xuddi o‘zi kabi ishlashga rozi bo‘lgan qizlarni topib, yuborish taklifini bildirgan. Ular qizlarni topib, chet davlatiga ketishga ko‘ndiradilar.

Turkiyada uy ishlari va boshqa yumushlar bilan shug‘ullanishga rozi bo‘lgan qizlar, aslida u yerda fohishalik qilishligini eshitgach, ketish fikridan qaytadilar. Biroq, ularga bu taklifni bergan ayol “Sizlarning har biringiz uchun alohida chipta rasmiylashtirilgan, agar fikringizdan qaytsangiz sarflangan xarajatlarni qoplashingizga to‘g‘ri keladi” deya, ortga yo‘l yo‘qligini vaj qilib, ularning fikrlarini o‘zgartiradi. Tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan oilali va turmush qurmagan 5 nafar ayol Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qolinib, ularni jo‘natmoqchi bo‘lgan ikki ayol qo‘lga olindi. 

Hozirgi kunda holat yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovoldi harakatlari olib borilmoqda.

Top