19:07 / 11.06.2018
12810

Xususiy tibbiyot muassasalarida bepul davolanish mumkinmi?

Foto: iStock

“Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq xususiy tibbiyot muassasalariga bir qator soliq imtiyozlari taqdim etilgan.

“Huquqiy axborot” kanalining xabar berishicha, mazkur soliq imtiyozlari natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yo‘naltiriladi.

Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladigan toifaga quyidagilar kiradi:

• o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
• I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar;
• muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
• ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
• yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
• 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar;
• 1941-1945 yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
• qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan boshqa shaxslar.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ularning shaxsini va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlarining mavjudligi (masalan nogironligi haqidagi ma'lumotnoma) asos bo‘ladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ko‘rsatiladigan bepul tibbiy xizmatlarning turlari va hajmi tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.

Bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxati muassasaga kirish yoki mijozlar uchun ko‘rinadigan joyda hamda ma'lumotlar peshtaxtasida joylashtiriladi.

Mavzuga oid
Top