Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Singapur tarixiy voqea bo‘sag‘asida: AQSh va KXDR yetakchilari ilk marta muzokara o‘tkazishadi
KXDR yetakchisi Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni olti soat farq bilan Singapurga tashrif buyurishdi. Ularning kutilayotgan uchrashuvi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz: bu ikki davlat rahbarlari shu paytgacha biror marta muzokara o‘tkazishmagan.
G7 yig‘ilishi o‘tayotgan La Malbedan parvoz qilishdan oldin Amerika prezidenti Kim Chen In bilan uchrashuvga puxta tayyorgarlik va qat'iy ishonch tuyg‘usi bilan yo‘l olayotganini ma'lum qildi.
"Bunday xatti-harakatlar avval kamdan-kam qabul qilingan va bu qaysidir ma'noda noma'lum yo‘nalish, - dedi u. - Biroq men o‘zimda qat'iy ishonchni his qilyapman va Kim Chen In o‘z mamlakati uchun buyuk ishlar qilishni istaydi, deb o‘ylayman. Bu - imkoniyat va bunday imkoniyat boshqa berilmaydi. Men haqiqatda u o‘z xalqi, oilasi va o‘zi uchun ijobiy o‘zgarish qilmoqchi ekaniga ishonaman".
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Singapurdagi uchrashuv KXDR yetakchisi oldida "hammaga ham nasib qilavermaydigan imkoniyatlar"ni ochadi. "U haqiqatda bu mamlakatni buyuk kishilar davlatiga aylantirishi mumkin, - deya davom etadi prezident. - Biz voqealarni diqqat bilan kuzatamiz va hushyorlikni qo‘ldan boy bermaymiz. O‘ylashimcha, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlar hozir ro‘y berayotgan voqealarni qo‘llab-quvvatlashmoqda".
Shanba kuni "Katta yettilik" sammitida qatnashayotib, Tramp "muzokaralarning ilk daqiqalaridanoq ularning istalgan natijaga olib kelish yo kelmasligi ayon bo‘lishi" haqida so‘z yuritgan. Prezidentning ta'kidlashicha, u "buni darrov his qiladi". Tramp Kim Chen Inning jiddiy muloqot olib borish istagini sezmagan taqdirda uchrashuvni to‘xtatishini qo‘shimcha qilgan.
Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp rasmiy muloqotlar boshlanmasidan Kim Chen In bilan qisqa birga-bir formatida suhbat o‘tkazmoqchi. Ular bilan faqat tarjimonlar bo‘lishi qayd etilgan. Keyinroq yetakchilarga ularning eng yaqin yordamchilari qo‘shilishadi. AQSh tomondan bu davlat kotibi Maykl Pompeo va Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton bo‘lishi aytilmoqda.
AQSh va KXDR davlat rahbarlari tarixiy uchrashuvi seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00 da Sentos orolidagi Capella mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Amerikalik manbalarning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvni o‘sha kuni kechqurun tugallash rejalashtirilgan. Agar barchasi ko‘ngildagidek o‘tsa, tomonlar qo‘shma bayonot bilan chiqish qilishadi.