Oliy ma’lumot – bu muvaffaqiyatga erishish yo‘lidir. Ta’limiy xizmatlar bozorida mavjud magistrlik dasturlaridan qaysi yo‘nalishni tanlagan ma’qul?

Ushbu masala va magistrlik dasturlarining istiqbollari haqida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) magistrlik kurslari rahbarlari Ziyodulla Parpiyev, Xasan Sayfutdinov va Rustam Abduraupov bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.

Foto: Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti

TXVUda magistratura kurslari tarixi 2006 yilda Xalqaro Biznes va Menejment (MA in International Business and Management) yo‘nalishida birinchi magistratura kursining tashkil qilinishi bilan boshlangan. Bugungi kunda xalqaro biznes dasturiga qo‘shimcha ravishda  universitet Amaliy iqtisodiyot va Xalqaro tijoriy huquq kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlik dasturlarini taklif qiladi.

Foto: Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti

Ushbu dasturlar qanday sohalarda mutaxassislarni tayyorlaydi?

Har bir dastur o‘ziga xos o‘rniga va maqsadiga ega bo‘lib, ushbu dasturlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda talab qilinadigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Ziyodulla Parpiyev (“Amaliy iqtisodiyot” kursining rahbari):

Amaliy iqtisodiyot bo‘yicha magistrlik dasturi o‘z faoliyatini xalqaro tashkilotlar, xususiy korxonalar (investitsion banklar, konsalting kompaniyalari va boshqalar) hamda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha davlat idoralari, vazirliklarda iqtisodiy tahlilchi sifatida amaliyot yuritmoqchi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan.

Talabalarimiz zamonaviy iqtisodiy muammolarni tushunish qobiliyatini rivojlantirib, ilg‘or bilimlar va davlat siyosatini tahlil qilish usullarini hamda uning biznes tuzilmasiga ta’sirini amalda qo‘llashadi. Ular ma’lum bir mamlakatda iqtisodiy o‘sishni qay tarzda amalga oshirish, kompaniyaning muayyan bozorga chiqishi yoki chiqmasligi, korxonalar uchun normativ-huquqiy bazani o‘zgartirish natijalari qanday bo‘lishi kabi masalalar yechimini topishlari  mumkin.