11:00 / 14.06.2018
22155

Hukumat Chirchiq shahri bo‘yicha yangi qaror qabul qildi

Foto: mytashkent.uz

Vazirlar Mahkamasining 11.06.2018 yildagi «Toshkent viloyatining Chirchiq shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 440-son qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Norma.

Ma'lumot uchun: Chirchiq shahri poytaxtning shimoli-g‘arbiy tomonida 42 km narida joylashgan. U ulkan iqtisodiy va harbiy ahamiyatga ega. Shaharga 1935 yilda asos solingan bo‘lib, ayni paytda unda qariyb 150 ming kishi istiqomat qiladi.
 
Yangi korxonalar va ish o‘rinlari
 
Shaharda qo‘shimcha ravishda 1 358ta ish o‘rnini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu 10ta yangi sanoat obektini tashkil etish va mavjud 12tasini kengaytirish hisobiga amalga oshiriladi. Xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasida esa 29ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ulardan 10tasi – yangi, 19tasi – kengaytirilmoqda.  
 
Infratuzilma va kommunal xizmat ko‘rsatish yaxshilanadi
 
186ta ko‘p xonadonli uylar quriladi. 7ta mahallada ikki konturli gaz qozonlari o‘rnatiladi. 12,6 km ichki yo‘llar, 136ta gaz taqsimlash punktlari, 8,1 km ichimlik suvi va 5,7 km oqava suv tarmoqlari quriladi va ta'mirlanadi.
 
Bundan tashqari, 4ta maktabgacha ta'lim muassasasi mukammal ta'mirlanadi, 2ta yangi maktab qurilib, 8ta faoliyat ko‘rsatayotgan maktab (sh.j. 1ta musiqa va san'at maktabi) ta'mirlanadi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 1 200 o‘rinli o‘z yotoqxonasiga ega bo‘ladi, Chirchiq davlat pedagogika institutining o‘quv binosi esa rekonstruksiya qilinadi.
 
2ta poliklinika ham jami 560tagacha bemorni qabul qila olishi uchun rekonstruksiya qilinadi.
 
Moliyalashtirish va rahbarlik
 
Mo‘ljallangan rejalar 700 mlrd 709 mln so‘m miqdoridagi mablag‘ni talab etadi. Shundan 17%ini davlat maqsadli jamg‘armalar va mahalliy byudjyetdan ajratadi. Tadbirkorlik sub'yektlari – loyihalar tashabbuskorlari xarajatlarning 54%ini zimmalariga oladilar. Banklar esa qolgan 29%ni qoplash uchun kredit bilan yordam beradilar.
 
Ishlarni bosh vazir o‘rinbosari – «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi respublika ishchi komissiyasi muvofiqlashtiradi.
 
Hujjat 12.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top