20:11 / 16.06.2018
5120

Bosh vazir o‘rinbosari Avstraliya va Kuba dipmissiyalari rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Parijda Avstraliya, Kuba, Vengriya, Zimbabve dipmissiyalari rahbarlari hamda Norvegiya elchisi o‘rinbosari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

KUN.UZ'ning hukumatdagi manbasi ma'lum qilishicha, uchrashuvlar davomida suhbatdoshlar O‘zbekiston hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek mamlakatning amaldagi rahbariyati O‘zbekistonni rivojlantirish va xalq farovonligini oshirishga doir dolzarb masalalarni hal qilishda yuritayotgan ochiq siyosiy kurs va yangicha qarashlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuvlarda bugunga kelib mamlakatning madaniy-tarixiy merosini himoya qilish, tarixiy obektlarni saqlab qolishga doir ko‘rilayotgan choralar, shuningdek turistik salohiyatni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Xorijiy diplomatlar YuNeSKO doirasida madaniy-gumanitar aloqalar, xususan kommunikatsiyalar, ta'lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida qiziqish bildirishdi. Ular hamkorlik aloqalarini kengaytirish va tomonlar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi.

Shuningdek muntazam uchrashuvlar, turli darajadagi aloqalar xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni o‘zaro manfaatli asosda samarali rivojlantirish, ishchi doiralar, ilmiy-ta'limiy muassasalar vakillari hamda madaniyat va san'at arboblari o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish imkonini berishi ta'kidlandi.

Bundan avval KUN.UZ'da Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning ta'lim, ilm-fan va madaniyat masalalari bo‘yicha maxsus muassasasi va uning Parijda ro‘yxatdan o‘tgan a'zolari bilan o‘zaro konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Fransiyaga tashrifni amalga oshirayotgani haqida xabar berilgan edi. Bosh vazir o‘rinbosari bunga qadar Parijda YuNeSKO qoshidagi Baxrayn elchisi Muhammad Abdul G‘affor, Braziliya elchisi Mariya Reis, Gvatemala elchisi Luis Falla, Xitoy elchisi Shen Yang, Kuvayt elchisi o‘rinbosari Muhammad Al-Mutairiy va Uganda elchisi Elli Kafero bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Top