Joriy yilning 13–15 may kunlari yurtimiz bo‘ylab yog‘gan tinimsiz yomg‘ir oqibatida O‘zbekistonning turli viloyatlarida kuchli sel oqimi kuzatildi. Sel oqibatida turli talofatlar yetkazildi, hatto Qashqadaryo viloyatida besh nafar inson nobud bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tabiiy ofatni bartaraf etish va aholiga yordam berish maqsadida turli chora-tadbirlar o‘tkazdi, boshqa viloyatlar ushbu tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishdi.

Biroq tabiat baribir o‘z so‘zini aytdi: ko‘plarning hovli-joyi buzildi, daryo o‘zanlari qum va toshlarga to‘lib, suvi ular ostida qolib ketdi, ko‘priklar nosoz holatga keldi. Eng ayanchlisi sel toshgan hudud aholisi bundan qattiq aziyat chekdi va aytish mumkinki, bu hol hamon davom etmoqda. Buni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan Xonaqa, Xachiruchdi va Hasantepa qishloqlari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Suvsiz qolgan qishloq va chiqindiga to‘la hovuz

Mazkur qishloqlardan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushgach, biz u yerlarda bo‘ldik. Tog‘li hududda va sel yo‘lida joylashgan mazkur joylar tabiiy ofatdan ancha talofat ko‘rgan. Mahalliy aholining aytishicha, daryo o‘zani sel oqizib kelgan toshlarga to‘lgan, oqibatda ushbu qishloqlarda toza ichimlik suvining yagona manbai tamoman qurigan.

— Bizning daryoda 100–200 yildan buyon bunday toshlar bo‘lmagan, — deydi fuqarolardan biri. — Ota-bobolarimiz ham bunday selni ko‘rishmagan. Sel qishlog‘imizga 14 may kuni tungi soat 3:00 lar atrofida yopirildi. Uch xonali jihozlangan uyim bor edi, uni vayron etib ketdi. Boshqalarning chorvasi ham nobud bo‘ldi. Ertasi kuni favqulodda vaziyatlardan ham, hokimlikdan ham vakillar kelishdi, sizlarga yordam qilamiz, deyishdi. Ammo shu paytgacha hech narsa qilib berishmadi. Bir oy bo‘lyapti, ichimlik suvi yo‘q. Juda qiynalib ketdik. Sanitariya qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, o‘zimizning hovuzda saqlanayotgan suvni qaynatib ichayapmiz.

Biz mazkur hovuzni ko‘rish uchun xonadonlardan biriga tashrif buyurdik. U yerda anchagina katta hovuzda suv to‘plangan bo‘lib, ayni damda mahalliy aholi mana shu yerdan ro‘zg‘ori uchun suv olar ekan. Suv aniq toza emas, bu suvni qaynatilgan taqdirda ham ichishga yaroqli, deb aytish dushvor. Uni tasvirga olayotgan chog‘imizda chelak ko‘targan ayol hovuz yoniga yaqinlashdi.