Jahon | 22:41 / 18.06.2018
14611
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada piyodalarni urib yuborgan taksichi hibsga olindi

Foto: AGN "Moskva" / Sergey Vedyashkin

18 iyunda Moskvaning Taganka sudi shahar markazida piyodalarni urib yuborgan taksichini 2 oyga hibsga olishga qaror qildi.

Qirg‘iz millatiga mansub, Chingiz Anarbek o‘g‘li ismli taksichi 16 iyunda Ilinka ko‘chasida yo‘l chetidan ketayotgan piyodalarni urib yuborgan. Oqibatda 7 kishi jarohat olgan. Taksichi voqeadan keyin qochishga uringan, biroq ushlab olingan. 

Tergov ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida uni 2 oyga hibsga olishni so‘ragan. Ayblanuvchi 16 avgustgacha panjara ortida o‘tiradi.

Qirg‘izistonning Jalolobod shahridan bo‘lgan ayblanuvchi sudda o‘z aybini to‘liq tan olgan va bo‘lgan voqeadan pushaymondaligini aytgan. Uning aytishicha, u bir oy avval taksiga ishga o‘tgan va qarzlaridan qutulish uchun tinimsiz ishlagan. Mashinani esa ijaraga olgan bo‘lgan.

Ayblanuvchining aytishicha, u bir necha kun davomida to‘laqonli uyqu bilmagan holda ishlagan va voqea vaqtida toliqqani sababli gaz va tormoz tepkilarini adashtirib qo‘ygan. 

Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari hamyurtlari yonini olib, Rossiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra, agar voqea oqibatida odamlar sog‘lig‘iga og‘ir shikast yetmagan bo‘lsa, jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligi kerakligini maktub orqali bildirishgan.  

Qirg‘iz diplomatlarining fikricha, taksichi ma'muriy tartibda jazolanishi lozim. Ularning ta'kidlashicha, ayblanuvchi har qanday sharoitda ham hibsga olinmasligi kerak. Qirg‘iziston elchixonasi ayblanuvchiga uy qamog‘i belgilansa, unga vaqtinchalik boshpana berishga tayyorligini bildirgan. Erkakning himoyasi bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan. 

Tergov o‘z navbatida ayblanuvchi tergov izolyatoriga joylashtirilmasa, jumladan xorijga qochib ketishi mumkinligini aytgan. Ayblanuvchining o‘zi esa yo‘l transport hodisasidan keyin “olomon uni o‘ldirib qo‘yishi mumkinligidan qo‘rqib, qochishga tushganini” aytgan.

Rossiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchiga 2 yillik qamoq jazosi berilishi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishi mumkin.

Mavzuga oid