Jahon | 12:07
1327
3 daqiqa o‘qiladi

MIVD: Moskva NATOni mag‘lub etishni emas, bo‘lishni ko‘zlayapti

Rossiya allaqachon NATO bilan ehtimoliy mintaqaviy mojaroga tayyorgarlik bo‘yicha aniq choralarni ko‘rmoqda va Moskva uchun eng qulay sharoit yuzaga kelsa, Ukrainadagi urush tugaganidan keyin bir yil ichida bunday to‘qnashuvga tayyor bo‘lishi mumkin. Bu baho Niderlandiyaning Harbiy razvedka va xavfsizlik xizmati - MIVD tomonidan tayyorlangan va 21 aprel kuni e’lon qilingan hisobotda berilgan.

Foto: IMAGO

Niderlandiya maxsus xizmati fikricha, bunday ehtimoliy mojaroda Rossiyaning maqsadi “NATOni harbiy mag‘lubiyatga uchratish emas, balki cheklangan hududiy yutuqlar orqali siyosiy bo‘linishga olib kelish” bo‘ladi. Hisobotda qayd etilishicha, Moskva bu maqsadga erishish uchun zarurat tug‘ilsa, yadroviy shantajdan ham foydalanishi mumkin.

MIVD Rossiyani Yevropada tinchlik va barqarorlik uchun, shu jumladan Niderlandiya xavfsizligi va manfaatlari uchun eng katta hamda eng to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb baholaydi. Hisobotda bu, birinchi navbatda, Ukrainadagi urush misolida ko‘rilayotgani aytilgan. Shu bilan birga, Rossiya qo‘rquv, tartibsizlik va bo‘linish urug‘ini sochish, qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir o‘tkazish uchun kiberhujumlar, dezinformatsiya kampaniyalari, diversiya va josuslikdan ham foydalanayotgani ta’kidlangan.

Niderlandiya harbiy razvedkasi ekspertlari fikricha, bunday harakatlar Moskvaga NATOga qarshi turish imkonini beradi, ammo u baribir “ochiq harbiy to‘qnashuv chegarasidan biroz pastda” qoladi. Ularning bahosicha, Ukrainaga bosqin Rossiyaning Yevropadagi xavfsizlik arxitekturasi va xalqaro huquq-tartibotni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan uzoq muddatli intilishining bir qismi hisoblanadi. Bu orqali Moskva o‘zini buyuk davlatlardan biri sifatida ko‘radigan ko‘p qutbli dunyoga erishmoqchi. MIVD shu bilan birga qurollarni nazorat qilish tizimi va turli maslahatlashuv tuzilmalari kabi avvalgi tiyib turish mexanizmlari zaiflashganini ham ko‘rsatadi.

Hisobotda yana dunyo sun’iy intellekt, kvant hisoblash va biotexnologiyalar bilan bog‘liq texnologik inqilob arafasida turgani, uning oqibatlari hali to‘liq baholanmagani aytilgan. MIVDʼga ko‘ra, Rossiya bunday vositalardan boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish, qo‘rquv tarqatish, qarorlarga ta’sir qilish va ehtimoliy harbiy harakatlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida faol foydalanmoqda.

Niderlandiya razvedkasi ekspertlari shunday xulosaga kelgan: bu holat “ixtiyorsiz va, shu sababli, boshqarish qiyin bo‘lgan keskinlashuv” xavfini yuzaga keltiradi. Ular, shuningdek, AQShning hozirgi xavfsizlik siyosatidagi noaniq va bashorat qilish qiyin yo‘nalishlar ham Rossiyaning xarajat va foyda nisbatini baholashiga ta’sir qilishi mumkinligini qayd etgan.

2025 yil hisobotini taqdim etar ekan, MIVD direktori, vitse-admiral Piter Risink Yevropani o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyat olishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida tayanilgan, qoidalar va kelishuvlarni muhofaza qiluvchi institutlarga asoslangan xalqaro tizim bosim ostida qolgan. Shu sharoitda Yevropa “o‘z oyog‘ida turishi” kerak, bu esa mudofaa sohasiga ham, razvedka tuzilmalariga ham taalluqli.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid