Jamiyat | 16:55 / 19.06.2018
30232
4 daqiqa o‘qiladi

13 soat tig‘ ostida... Farg‘onalik ayol og‘ir sinovdan o‘tdi

Sinovlari bilan go‘zal dunyo. Har bir ne'matning qadriga yetishimiz uchun Alloh tomonidan tinmay sinalamiz. Alloh shunday mehribon zotki, suygan bandalariga dard ham beradi, qanday og‘ir kasal bo‘lishiga qaramay harakat qilsa shifosini ham ayamaydi.

Esingizda bo‘lsa, KUN.UZ tahririyati tomonidan saraton kasalligi bilan kurashayotgan farg‘onalik mushtipar ona Saodatxon uchun xayriya aksiyasi uyushtirilgan edi.  2008 yilda saraton tashxisi bilan kasallangan ayolidan turmush o‘rtog‘i voz kechib ketgan. Ayol 12 yoshli qizalog‘ining baxti uchun shuncha vaqt saratonga qarshi kurashib keldi. Bir necha jarrohlik amaliyotlarini boshidan o‘tkazdi. So‘nggi jarrohlik amaliyotini Hindistonda o‘tkazish shifokorlar tomonidan tavsiya qilindi. Caxiy insonlar sababli Alloh barakasini berib, 20 ming dollarga yaqin mablag‘ yig‘ildi.

Saodat opa zudlik bilan Hindistonga jo‘natildi. U yerda dunyoning eng kuchli jarrohlari tomonidan 13 soatlik jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Yaqinlarining aytishicha, jarrohlik amaliyoti juda murakkab tarzda bo‘lib o‘tgan. Tananing uchta qismi jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Amaliyot davomida tana ikkiga bo‘linib saraton tugunlari olib tashlandi. 5 ta kasallangan qovurg‘a kesildi. Avvalgi jarrohlik amaliyotlarida olib tashlangan ko‘krak terisi oyoq-son qismidan olinib qoplandi. O‘pka qismi zararlangani sababli u yerda ham kerakli muolaja amaliyoti o‘tkazildi. Xullas uzoq muddatli jarrohlik amaliyotidan so‘ng, Saodat opa kasallikdan deyarli 80 foizga qutuldi.

Lekin mutaxassislarning fikricha, davolanish to‘liq tugatilmagan. Saodat opaga bir oydan so‘ng yana Hindistonga qaytib kelishi lozimligini aytishgan. Chunki saraton tugunlari olib tashlanganidan so‘ng, o‘sha joy nur-terapiya qilinishi kerak. Bo‘lmasa shuncha amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari behuda ketishi mumkin. Keyingi bosqich uchun taxminan 8-10 ming dollar mablag‘ zarur bo‘lmoqda.

Nur bilan davolash amaliyotini shifokorlar O‘zbekistonda o‘tkazishni tavsiya qilishmagan. Sababi qayerlardan saraton tuguni olinganini to‘liq ular bilishadi. Noto‘g‘ri muolaja bemorni qiynashi, hatto o‘limga olib kelishi mumkinligini ta'kidlashgan.

Saodat opaning so‘nggi umidi saxovatli insonlardan. Ayol Alloh ezgu ishlarga boshlashidan umidvor. Azizlar, Saodat opaga yordam qo‘limizni cho‘zaylik. Yordamimiz bilan bir insonning umrini saqlab qolishimiz mumkin. Alloh taolo qilgan yaxshiligimizni ajrini, albatta, beradi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Plastik karta raqamlari: 8600 0423 1682 4332 Agrobank (Click xizmati)
                                                 Qoraboyeva Saodatxon Ortig‘aliyevna

Telefon raqamlari: +99891 673-45-25;
                                      +99897 596-45-25



Manzil: Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, Abdulla Qahhor 3/3

Mavzuga oid