10:51 / 20.06.2018
19863

Hukumat uch viloyat aholisi bandligini ta'minlash bo‘yicha qarorlar qabul qildi

Vazirlar Mahkamasining qarorlari (11.06.2018 yildagi 437, 438, 439, 441-son) bilan Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi ayrim tumanlar aholisining bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.

Hujjatlarda Farg‘ona vodiysining ayrim viloyatlarida xizmatlar sohasi, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan. 
 
Har bir tuman bo‘yicha «yo‘l xaritalari», shuningdek tashkilotlar – loyihalar tashabbuskorlari, ularning qiymati, xizmat ko‘rsatuvchi banklar, yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan loyihalarning manzilli ro‘yxatlari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida maktabgacha ta'lim va tibbiyot xizmatlarini tashkil etishda xususiy sektorni, shuningdek hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirish mo‘ljallangan.

Shu tariqa, Farg‘ona vodiysida jami 6,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlari bilan ta'minlanadi va kasbga qayta tayyorlanadi.  
 
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining «Isfayram-Shohimardon» irrigatsiya tizimi hududida kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Uning ko‘chmas davlat mulki tadbirkorlarga ish o‘rinlarini yaratish va saqlab qolish sharti bilan 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi.  
 
Namangan viloyatining Pop tumani hududida (340 ga) zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, suv attraksioni, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa obektlarni qurish uchun «Chodak» kichik turizm zonasi tashkil etiladi.
 
Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida joriy yilning 1 oktabriga qadar «yagona darcha» tamoyili asosida bandlik sohasida xizmatlar ko‘rsatish hamda chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish markazi tashkil etiladi. U tumandagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazining qaytadan qurilgan binosida joylashtiriladi.
 
«Madaniyat» va «Bo‘ston» qishloq fuqarolar yig‘inlarining past rentabelli yer maydonlarida eksportbop meva-sabzavot, poliz va boshqa ko‘p yillik qishloq xo‘jaligi ekinlari plantatsiyalari tashkil etiladi. Shuningdek «Oltin mato teks» MChJ negizida paxta to‘qimachilik klasteri tashkil qilinadi.
 
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida «Mug‘tepa Koson shaharchasi» arxeologiya merosi obektlarini muhofaza qilish va tadqiqot o‘tkazish uchun yodgorlik majmuasi barpo etiladi. Uning tarkibida arxeologik topilmalarni o‘rganish va ularning ilmiy-tarixiy konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadida muzey va axborot-resurs markazi tashkil etiladi.
 
Hujjatlar 12.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top