12:19 / 22.06.2018
8969

Toshkentda ish qidirib, bekatda tunashga majbur bo‘lgan ayol

“Rohat ko‘li”ga yaqinidagi bekatda bir ayol uzala tushib yotganiga ko‘zimiz tushdi. Biron yordam kerak degan o‘yda befarq o‘tib ketolmadik. Yaqinlashar ekanmiz, spirtli ichimlik ichib olgandir yoki tobi yo‘qdir degan fikrlar tug‘ila boshlandi. Barcha gumonlarni chetga surib, ayolni uyg‘otishga urindik, deb yozadi Mahalladosh nashri.

Ko‘zini arang ochib, bizga qaraydi. Nega bu yerda yotganiga qiziqdik. Ayol to‘lib turgan ekanmi, dardini ochib sochdi. O‘zining aytishicha, Namangan viloyati, Chust tumani, “Qoraqo‘rg‘on” mahallasi, Beruniy ko‘chasida yasharkan. O‘zini Zuhra Matqulova deb tanishtirdi.

— Erimning kaltaklari, so‘kishlari, xo‘rlashlaridan Toshkentga qochib keldim. Shu yerda rizqimni terib yuribman. Bu yerda maza-da. Kuniga 40-50 ming so‘m topaman. O‘zim yashaydigan joyda ish topish qiyin? Ish topsangiz ham oyliklari haminqadar. Charchab bekatda uxlab qolipman.

Ayol 38 yosh ekan. Lekin ko‘rinishidan yoshi ancha katta bo‘lsa kerak deb o‘yladik. Hayot uni erta qaritgan. Sochlari oqarib ketgan. Yuzlariga ajin oralagan. Qo‘llari og‘ir mehnatdan qadoq bosgandi. Ko‘zlaridagi mungni ko‘rib, hayotda qachon zavq-shavq olgan, turmushdan qachon ro‘shnolik ko‘rgan ekan degan savollar ich-etimizni yemira boshladi.

— Bu ikkinchi turmushim, — deya gapirishda davom etdi u. — Erim mendan ancha katta, 60 yoshda. Hech joyda yolchitib ishlamaydi, muntazam spirtli ichimlik ichadi. Ichgan paytida men bilan janjallashib, pichoq tiqib, bo‘ynimdan bo‘g‘ishgacha borgan. Qo‘shnilar bir necha marta ajratgan. Ammo, foydasi bo‘lmadi. O‘zimga o‘xshagan mardikor ayollar bilan shu yaqin atrofda ijarada yashayapman. Qornim ochsa, ko‘chadagi oshxonalarda ovqatlanaman. Uyda oilam bag‘rida shirin taomlar pishirib, oilamdagilarni xursand qilishni istardim. Qizimni juda sog‘inganman. Nima qilayotgan ekan, — degancha vodiy yo‘liga tikilib qoldi.

Ayol janjallardan “esdalik” bo‘lib qolgan tirtiq va chandiqlarni ko‘rsatdi.

Savollar tug‘iladi. Ayol yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi qayerga qaramoqda? Notinch oilaning taqdiri hech kimni qiziqtirmadimi? Yarashtirish komissiyasi nima bilan band bo‘ldi ekan? Aholining bandligini ta'minlash bo‘yicha islohotlar “Qoraqo‘rg‘on” mahallasiga yetib bormadi? Necha kundirki, ayol Toshkentda yurgan bo‘lsa, hech kim qidirmadimikan? Farzandini tashlab, qayerga ketdi degan savolni berishmadimikan?

Top