16:05 / 25.06.2018
4386

Vaqf xayriya jamoat fondining sayti ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan Vaqf xayriya jamoat fondining www.vaqf.uz sayti o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda jamoat fondi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

«Vaqf» fondi veb-sayti «UZINFOCOM» Yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan hamda www.vaqf.uz domenida sinov tartibida faoliyatini olib bormoqda. Sayt orqali Fond faoliyati, amalga oshirilgan tadbirlar hamda xayr-saxovat loyihalari xususida ma'lumot olish mumkin. Shu bilan birga, veb-saytda alohida pul o‘tkazmalari bo‘yicha hisobot jadval shaklida ham taqdim qilinadi.

Fondga pul o‘tkazmalarini naqd yoki plastik karta orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan Toshkent shahridagi 12 ta masjidda bittadan, shuningdek Toshkent viloyatida joylashgan Zangiota ziyoratgohi hududida ikkita infokiosklar o‘rnatildi. Bunday to‘lov shakli o‘zini oqlaydigan bo‘lsa, O‘zbekiston bo‘ylab «Vaqf» fondiga xayr-saxovat to‘lovlarini yo‘naltiruvchi 4,5 mingta shunday to‘lov apparatlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Ta'kidlash joizki, to‘lov amalga oshirilgach, foydalanuvchiga tranzaksiyaning ID ma'lumotnomasi taqdim qilinadi. Foydalanuvchi www.vaqf.uz saytiga ushbu ID kodni kiritishi hamda to‘lovning Fondga qabul qilinganiga ishonch hosil qilishi mumkin.

Top