Jamiyat | 17:40 / 28.06.2018
11104
3 daqiqa o‘qiladi

Sinovning xosiyati

Hayot bizga o‘zimiz kutmagan joyda turli sinovlar,zarbalar-u tuhfalar taqdim etadi.Ularni qay yo‘sinda yengib o‘tish,qarshi olish o‘zimizga havola.

Yangiyo‘llik N.Nishonaliyev ham ana shunday bosqichlarni boshdan kechirdi.Quyida uning KUN.UZ saytiga yo‘llagan maktubidan taqdir sinovlaridan qanday xulosa chiqarganligi ma'lum:

 “Assalomu alaykum hurmatli Kun.uz tahririyati, sizlar orqali men avvalambor Prezidentimizga yurtimizda olib borayotgan oqilona va adolatli siyosati uchun hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Men Nurdaulet Nishonaliyev 1995 yilda Yangiyo‘l shahrida tug‘ilganman. Men spirtli ichimlik ichib xatoga yo‘l quydim, jinoyat qilib qo‘ydim, qilgan ishimdan chin yurakdan pushaymon bo‘ldim, afsuslandim. Men oilada katta farzandman, agar men ozodlikdan mahrum bo‘lganimda orqamda ota-onam, ukalarim, singillarim, homilador turmush o‘rtog‘im va qizimning holi nima kechadi deb o‘ylab rosa siqilib yurgandim. Shu vaqtda menga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi yordam qo‘lini cho‘zdi. Kuni kecha (12.06.2018) mening sudim bo‘ldi, sudda meni himoya qilib “O‘z kafilligimizga olamiz”, deb O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Yangiyo‘l shahar Kengashi vakillari qatnashdi. To‘g‘risi men bunday holatni kutmagandim, bilaman televizorda ko‘rganman bu tashkilot ishtirokida qilingan ko‘p xayrli ishlarini, lekin men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Shu kun men uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi, quvonchim cheksiz, men qaytadan tug‘ilgandek bo‘ldim, chunki Yoshlar ittifoqi ko‘magi bilan aniq qamoq jazosi bo‘lmagan boshqa jazo tayinlandi va sud jarayoni vaqtida o‘g‘il farzandli bo‘lganligim haqida menga xabar berishdi. Men uchun qo‘shaloq bayram bo‘lgan ushbu kun bir umr yodimda qoladi. Men uchun Sud zalida dalda bo‘lib turgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Yangiyo‘l shahar Kengashi hodimlari bilan aka-uka tutindim, do‘stlashdim. Kelajakda albatta shu yurtning munosib farzandi bo‘lishga,yurtim uchun xizmat qilishga va'da beraman.

Nishonaliyev Nurdaulet”

Jamiyatimizda yurtga munosib farzand bo‘ladigan yana bir inson ko‘payganligi quvonarli holat albatta. Muhimi uning ortidan butun boshli oila, kechagina otasining ozodlikka chiqishi bilan dunyoga kelgan go‘dak ergashadi.

Mavzuga oid