O‘zbekiston | 03:15 / 29.06.2018
5122
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi tarixiy obektlarni saqlab qolishga doir ishlar keskin kuchaytiriladi

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Manama shahrida o‘tkazilayotgan YuNeSKO Umumjahon merosi qo‘mitasi (UMQ)ning 42-sessiyasida ishtirok etmoqda. KUN.UZ'ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, sessiya kun tartibidan o‘rin olgan masalalardan biri Shahrisabz tarixiy markazining YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarilishi bo‘lgan.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida sessiya ishtirokchilariga Shahrisabz tarixiy markazida amalga oshirilgan mahalliy xalq turmush tarzini yaxshilash maqsadi bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarga doir ma'lumotlarni taqdim etdi. Qo‘mita a'zolari O‘zbekiston Respublikasi hukumatining "O‘zbekistondagi Umumjahon meros obektlarini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qarori bilan tanishtirildi. Ta'kidlash joizki, ushbu qaror Umumjahon meros qo‘mitasi tavsiyalarini bajarish muddatlari aniq ko‘rsatilgan "Yo‘l xaritasi"ni o‘z ichiga olgan. 

"Yo‘l xaritasi" shuningdek YuNeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Xalqaro maslahatchi ekspertlar guruhini tuzishni ko‘zda tutadi. Bu ekspertlar guruhiga Umumjahon meros obektlari hududlari, shuningdek O‘zbekistonning tarixiy shahar landshaftlarida rivojlanish loyihalari bo‘yicha dastlabki ekspertizalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatiladi. 

Bosh vazir o‘rinbosari o‘z nutqida O‘zbekistonda ham moddiy, ham nomoddiy merosni saqlashga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Joriy yilning boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev har ikki yilda sentabrning ilk o‘n kunligida Shahrisabzning tarixiy markazida Xalqaro maqom forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan edi. Mazkur tashabbus YuNeSKO tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi. 

Shuni ta'kidlash joizki, mazkur masala muhokamasi davomida Qo‘mitaning qator davlatlardagi a'zolaridan O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatdagi tarixiy obektlarni saqlashga doir qabul qilinayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha ko‘plab savollar kelib tushgan. Delegatsiya rahbari barcha savollarga to‘liq javob qaytargan.

Umumjahon meros qo‘mitasi a'zolari o‘rtasidagi faol debatlar Shahrisabzni YuNeSKO ro‘yxatida qoldirishni ko‘zda tutuvchi UMQ qaroriga asosan muqobil loyiha ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzilishiga olib keldi. Natijada UMQ a'zolari konsensusga kelishdi va mazkur hujjatni qo‘llab-quvvatlashdi. Unda O‘zbekiston mamlakatdagi madaniy merosni saqlab qolish bo‘yicha YuNeSKO bilan faol hamkorlik qilishga chaqiriladi. 

Shunday qilib, Shahrisabz tarixiy markazi YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatida saqlab qolinadi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid