O‘zbekiston | 15:00 / 30.06.2018
40818
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xavfsizlik xizmatiga oid me'yorlar barcha qonunlarda aks etadi

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilishi bilan ayrim qonun hujjatlaridagi «Milliy xavfsizlik xizmati» degan so‘zlar «Davlat xavfsizlik xizmati» deb o‘zgartirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma'qullandi.

Unga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmatiga oid me'yorlar barcha qonunlarda aks etishi nazarda tutilgan. Shu sababli muhokama etilayotgan qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi, «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi, «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonunlarga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Havo kodeksga, Soliq kodeksiga va boshqa qator qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar shular jumlasidandir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 martdagi «O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilgandi. Shundan so‘ng, maxsus xizmat tizimi tarixida ilk marta «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid