O‘zbekiston | 18:30 / 30.06.2018
7254
4 daqiqa o‘qiladi

Sug‘oriladigan yer maydonlari suv ta'minotini yaxshilash qanday qoidalar asosida amalga oshiriladi?

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ro‘yxatini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ro‘yxatini shakllantirish, loyihaoldi/loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ro‘yxatini shakllantirish, loyihaoldi/loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Davlat rivojlanish dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Irrigatsiyani rivojlantirish Davlat dasturi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.

Sug‘oriladigan yer maydonlarining suv ta'minotini yaxshilash quyidagi prinsipial qoidalar asosida amalga oshiriladi:

irrigatsiya tizimlarining xavfsiz va samarali ishlashini ta'minlovchi mexanizmni sifat jihatidan takomillashtirish hamda sug‘orish tarmoqlari orqali suvlarni yetarli miqdorda sug‘oriladigan ekin maydonlariga yetkazib berish;

sug‘oriladigan yerlarning suv ta'minotini yaxshilash muammosi, umuman kompleks holda, irrigatsiya tizimi bilan birgalikda, eng kam ekologik oqibatlar bilan yuqori hosil olishga qaratilgan sug‘orish rejimi va sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimi yaratilishi sifatida qaralishi zarur;

sug‘oriladigan yerlarning suv ta'minotini yaxshilashga va unumdorligini oshirishga yo‘naltirilgan ekinlarni almashlab ekishning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tizimini amalga oshirish, suvni hisobga olish, rejalashtirish hamda takomillashtirish yo‘li bilan ta'minlash;

respublika hududlarida ekiladigan barcha turdagi ekinlarning suv bilan ta'minlanganlik darajasidan kelib chiqib joylashtirilishini, ayniqsa, ko‘p suv talab qiladigan ekin maydonlarini zarur hollarda qisqartirish choralarini ko‘rish zarur;

irrigatsiya-melioratsiya tizimining ishonchli ishlashini hisobga olish va baholash, ularni ta'mirlash, tiklash, qurish va rekonstruksiya qilish zaruriyatini aniqlash, obektlarning eng maqbul loyihaviy yechimlari nuqtai nazaridan amalga oshirilishi kerak.

Irrigatsiyani rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda uning ustuvorligi hamda ekologik va boshqa tabiiy-xo‘jalik shart-sharoitlari hisobga olingan holda belgilanadi.

Irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari Davlat dasturining tasdiqlangan parametrlari asosida har yili:

qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarining loyiha-qidiruv ishlari;

kelgusi yildagi boshqa suv xo‘jaligi chora-tadbirlarining hududiy aniq dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish Davlat dasturi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 18 dekabrdagi PQ-3437-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq shakllantiriladi

Joylarda haqiqiy shart-sharoitlarni o‘rganish, irrigatsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarning aniq dasturlarini shakllantirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash uchun har yili Havza boshqarmalari buyruqlari bilan maxsus ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ishchi guruhlar har bir tumanlar bo‘yicha tuziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid