Jahon | 22:08 / 01.07.2018
7936
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan “akustik hujum”ga uchragan 11 amerikalik diplomat evakuatsiya qilindi

AQSh davlat departamenti Xitoydagi diplomatik vakolatxonalaridagi 11 xodimini go‘yoki ular “akustik hujumlar” sababli o‘zlarini yomon his qilayotganlari sababli ortga evakuatsiya qildi. Bu haqda The New York Times nashri ma'lum qildi. Ilk bunday holat may oxirida qayd qilingan, biroq Xitoy hukumati o‘shanda amerikalik diplomatlarga tashqi ta'sir bo‘lgani alomatlari aniqlanmaganini ta'kidlagan.

Nashr manbalarining ma'lum qilishicha, 8 kishi AQShning Guanchjoudagi bosh konsulligidan, bir kishi Shanxaydagi bosh konsulligidan, yana 2 kishi Pekindagi elchixonasidan evakuatsiya qilingan. Diplomatlar AQShda tibbiy ko‘riqdan o‘tkaziladi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, “akustik hujum” bilan bog‘liq vaziyat AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning xitoylik hamkasbi Vang Yi bilan telefon muloqoti mavzularidan biri bo‘lgan. Rasman esa muzokaralar Koreya yarimorolining yadrosizlanishiga bag‘ishlangani ta'kidlangan. 

AQShning Xitoydagi diplomatik missiyalari vakillari vaziyatga izoh berishdan bosh tortishgan. Biroq davlat departamentida bir necha diplomat va ularning oilalari AQShga ko‘rikdan o‘tgani uchib ketishgani tasdiqlangan.

Xitoyda yuz bergan ushbu voqea Kubadagi amerikalik diplomatlar bilan yuz bergan voqeani eslatmoqda. AQSh ma'muriyatida ikki yildan beri bir necha amerikalik diplomat Kubada tashqi ta'sirga uchragani ta'kidlab kelinadi.

Mavzuga oid