Jamiyat | 21:20 / 02.07.2018
13999
3 daqiqa o‘qiladi

600 million so‘mlik maishiy texnika buyumlarinining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan yurtimizga maishiy texnika buyumlarini qayta sotish maqsadida noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldini olish yo‘nalishida aniqlangan 4 ta qonunbuzarlik holatida umumiy qiymati qariyb 600 million so‘mlik maishiy texnika buyumlari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati KUN.UZ’ga ma'lum qilmoqda.  

Bojxonachilar Toshkent viloyati, Zangiota tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro T.Sh. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtoulovini “Toshkent – Termiz M-39” trassasida to‘xtatib, haydovchi va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishdi.

Natijada ushbu avtoulov yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, xech qanday hujjatlari bo‘lmagan, jami narxi 148 800 000 so‘mlik 54 dona turli rusumdagi konditsionerlar, 4 dona  muzlatgich hamda 13 dona changyutgich borligi aniqlandi. Ushbu tovarlar “G‘ishtko‘prik” va “Navoiy” chegara bojxona kompleksi orqali jismoniy shaxslar tomonidan oz-oz miqdorda olib kirilib to‘planganligi, ma'lum xaq evaziga Samarqandga olib ketilayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shunga o‘xshash yana bir holatda fuqaro N.U. boshqaruvidagi Mercedes-benz rusumli yuk avtoulovi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtoulov yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan umumiy narxi 99 200 000 so‘mlik 46 dona turli rusumdagi konditsioner borligi aniqlandi. Yurtimizga tashmachilar ko‘magida oz-oz miqdorda olib kirilgan mazkur tovarlar ham Samarqandga olib ketilayotgan ekan.

O‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro Z.X. boshqaruvidagi “GAZeL” rusumli yuk avtoulovi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda esa, mazkur  avtoulov yukxonasida umumiy narxi 132 000 000 so‘mlik 60 dona Gree GWH12 nomli konditsionerlar borligi aniqlandi. Qarangki, xorijda ishlab chiqarilgan  ushbu tovarlar ham yurtimizga kam-kam miqdorda olib kirilib, qayta sotish maqsadida olib ketilayotgan ekan.

Bojxonachilar poytaxtimizning Yunusobod tumani hududida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida fuqaro A.Sning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari o‘zi va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishdi.

Natijada ushbu xonadondan fuqaro A.I.ga tegishli, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy narxi  213 600 000 so‘mlik jami  98 dona turli rusumdagi konditsionerlar borligi aniqlandi.

Mavzuga oid