Eron AQSh sanksiyalariga qarshi yangicha kurash choralarini ma'lum qildi
Eron hukumati AQSh sanksiyalariga qarshi turish maqsadida xususiy sektorga neftni eksport qilishga ruxsat beradi, deya mamlakat birinchi vitse-prezidenti Ishoq Jahongiriyning so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, AQSh istayotganidek, xorijiy davlatlar tomonidan Eron nefti xaridini nolga tushirishning amalda iloji yo‘q. Tasnim agentligi Eron neft vazirligida ishlovchi mansabdorlardan birining ham shunga o‘xshash nuqtai nazarini keltirgan.
«Biz do‘st mamlakatlar bilan masalani muhokama qilib, neftni sotish uchun yo‘l ochdik. Qayta ishlanmagan neft ichki birjaga chiqariladi va xususiy sektor ham uni eksport qilish bilan shug‘ullana oladi», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Mehr agentligi.
Uning qayd etishicha, hukumatda ma'lum bir dastur bo‘lib, u Eronga kerakli hajmda neft sotish imkonini beradi va AQSh rejalarini barbod qiladi.
O‘tgan haftada AQSh davlat departamentining oliymaqom mansabdorlaridan biri jurnalistlarga Vashington noyabr oyi boshlarigacha barcha ittifoqdoshlarini Eron neftini rad etishga ko‘ndirish ustida ish olib borilayotganini e'lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muzokaralar Xitoy singari boshqa mamlakatlar bilan ham olib borilmoqda. Ilgariroq, Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron bilan tuzilgan yadroviy bitimni tark etib, sanksiyalar qayta tiklanganini e'lon qilgan edi.