Toshkent shahrida Puchon Universiteti ish boshlaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yuqori malakali oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlashni tashkil etish, mamlakat maktabgacha ta'lim muassasalarida ko‘p yillar davomida oliy ma'lumotli pedagog va tarbiyachilarning yetishmovchiligini to‘ldirish, innovatsion va xalqaro ta'lim muhitini shakllantirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan uzoq muddatli samarali munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida “Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. KUN.UZ muxbiri hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Ushbu qaror bilan O‘zbekistonning maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishning quyidagi ustuvor vazifalari belgilandi:
- maktabgacha ta'limni rivojlantirishga, maktab yoshidagi bolalarni har tomonlama kamol toptirishga va ularni ma'naviy-axloqiy, barkamol va intellektual avlod etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
- o‘quv-tarbiya jarayoniga ta'limning zamonaviy ilg‘or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ta'limning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
- maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, bolalarning ongi va qalbida mustaqillikni, insonparvarlik, milliy o‘zlikni anglash an'analariga sodiqlikni mustahkamlash, yot “ommaviy madaniyat” g‘oyalariga nisbatan immunitetni mustahkamlash borasida tadbirlar o‘tkazish yo‘li bilan bolalarni umuminsoniy qadriyatlar, yuksak ma'naviyat va gumanizm ruhida tarbiyalash;
- maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ular faoliyati samaradorligini oshirish;
- yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llagan holda pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samarali faoliyatini tashkil etish, ta'lim muassasalarini zamonaviy bilimlarni egallab olgan yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash;
- yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda mazmuni va sifati bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi avlod o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish va nashr etishni tashkil etish;
- maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan davlat talablari bajarilishining tizimli monitoringini olib borish;
- xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustaxkamlash, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va tadbirlar o‘tkazish orqali maktabgacha ta'lim sohasida Vatan yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, maktabgacha ta'lim tizimiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
Universitet oliy ta'lim muassasasi, O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxs shaklidagi rezidenti hisoblanadi, u mustaqil balansga ega, o‘z tasarrufidagi pul vositalari va mulk oldidagi majburiyatlari uchun javobgar.
Universitet Koreya Respublikasidagi Puchon Universitetining o‘quv rejalari va dasturlari asosida, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik talablarini hisobga olgan holda ta'lim sohasidagi faoliyatini amalga oshiradi.
Oliy ta'lim muassasasida kadrlarni tayyorlash birinchi navbatda maktabgacha ta'lim muassasalarining pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Universitetda ta'lim berish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Shuningdek kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shakllarida, to‘lov-shartnoma asosida o‘qish imkoni mavjud.
Qabul maktabgacha ta'lim, koreys tili hamda arxitektura va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi. OTM 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlaydi.
Universitet bitiruvchilariga Puchon Universiteti (Koreya Respublikasi) namunasidagi diplom beriladi, ushbu diplom qo‘shimcha yuridik jarayonlarsiz O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Mazkur qaror ijrosi uchun nazorat O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovlar zimmasiga yuklatildi.
Mavzuga oid
11:50
Toshkentda giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatish holatlari fosh etildi
16:12 / 08.10.2024
Toshkentda tadbirkorga shartnoma tuzib berishini aytib 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
20:33 / 07.10.2024
Toshkentda II Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tadi
18:40 / 06.10.2024