O‘zbekiston | 19:59 / 04.07.2018
51121
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident «hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi»ni e'lon qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba'zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

«Bu yil davlat tomonidan oldingi yillarda bo‘lmagan barcha sharoitlar yaratib berildi, endi fermerlar ham shunga yarasha javob qilishi kerak. Oldingidek rejaning ortidan quvib, daromadni o‘ylamaydigan, hisob-kitobsiz ish qiladigan fermer bizga kerak emas. Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak», dedi Prezident. 

Yig‘ilishda 5 iyuldan 5 sentabrga qadar «hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi» e'lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Mavzuga oid