Jahon | 10:31 / 04.07.2018
19660
4 daqiqa o‘qiladi

Putinning sanksiyaga tushgan do‘sti samolyotini sotishga majbur bo‘ldi

Foto: REUTERS

Rossiya prezidentining do‘stlaridan biri, milliarder Gennadiy Timchenko shaxsiy samolyotini sotib yubordi. Bu haqda broker va aviatsiya reyestri ma'lumotlariga tayanib, “Reyter” agentligi xabar berdi. Timchenko AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga tushganidan so‘ng, samolyotdan foydalanish imkonsiz bo‘lib qolgani uchun biznes-jyetdan voz kechishga majbur bo‘lgan.

Lyuksemburg aviatsiya reyestri ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RFPI) ixtiyoriga o‘tgan.

RFPI “Reyter”ning samolyot xaridi haqidagi savoliga javob bermagan. Timchenkoning vakili esa biznesmen va unga tegishli kompaniyalar “bir necha yildan beri mazkur samolyotga aloqador emasligini” aytgan.

Putin neft savdosi orqali boyigan Timchenkoni o‘zining yaqin do‘stlaridan biri deb atagan. Hujjatlarga qaraganda, biznesmen Gulfstream G650 samolyotini 2013 yilda sotib olgan. Bu samolyotning narxi odatda 60 million dollardan boshlanadi.

2014 yil aprelda Rossiya Qrimni anneksiya qilishiga javoban AQSh Timchenkoni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. O‘shanda AQSh moliya vazirligi Timchenkoni Putinga yaqin shaxslardan biri deb atagandi.

Biznesmen 2014 yilda TASSga bergan intervyusida Amerikaning Gulfstream Aerospace Corporation kompaniyasi samolyotga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani bekor qilganini ma'lum qilgandi.

“Menga tegishli Gulfstream’dan foydalanib bo‘lmaydi, chunki kompaniya uni ehtiyot qismlar bilan ta'minlashni to‘xtatdi, uchuvchilar navigatsiya, xaritalardan foydalanish huquqiga ega emaslar”, - degandi Timchenko.

O‘shandan buyon Timchenkoning samolyoti ikki marta turli mamlakatlar havo kemalari reyestriga kiritilgan.

2018 yil iyunda Lyuksemburg havo kemalari reyestrida samolyotning yangi egasi – Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Amerivo Holdings Limited kompaniyasi paydo bo‘ldi. Hujjatlarga ko‘ra, bu kompaniya RFPIning 100 foiz sho‘'ba korxonasi hisoblanadi.

Monakodagi Boutsen Aviation brokerlik kompaniyasining ijrochi vitse prezidenti Mate Pezenning “Reyter”ga aytishicha, uning kompaniyasi o‘tgan yili G650ni sotish uchun yollangan.

Pezenning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda samolyotning egasi Timchenko emas, balki 2016 yil o‘rtalarida undan samolyotni sotib olgan rossiyalik biznesmen bo‘lgan. Broker biznesmenning ismini ma'lum qilmagan.

2016 yil sentabrida samolyot 50 million dollarga baholangan.

Boutsen Aviation vitse-prezidentining aytishicha, samolyot 2018 yil mart yoki aprelida uning kompaniyasi ishtirokisiz sotilgan.

Gulfstream saytida yozilishicha, G650 samolyotidagi charm o‘rindiqlar qo‘l mehnati yordamida tayyorlangan,  u konvektsion pechka va muzlatgich, billur idishlar uchun shkaf va shaxsiy kayuta bilan jihozlangan.

AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan rossiyalik yana bir milliarder Oleg Deripaska 2018 yil bahorida ijaraga olgan uchta xususiy samolyotni qaytarib bergan. Deripaska qora ro‘yxatga tushgani sababli u bu samolyotlardan foydalana olmasligi haqida Reyterga ularni ijaraga bergan kompaniya ma'lum qilgan.

Mavzuga oid