Jamiyat | 07:45 / 05.07.2018
39567
4 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun Diplomatiya universitetida qabul 5 iyulgacha?

Ijtimoiy tarmoqlarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida hujjatlarni qabul qilish 5 iyulga qadar davom etishi ko‘plab tushunmovchilikka sabab bo‘lmoqda.

«Universitetga o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida Qabul komissiyasi tashkil etilgan. Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari JIDU Qabul komissiyasi tomonidan 15 iyundan 5 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi», - deb ma'lumot keltiriladi universitet rasmiy saytida.

«Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorining 5-bandiga ko‘ra, joriy yildan qabulda o‘zgarishlar mavjud ekanligini ko‘rish mumkin:

«2018/2019 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar belgilansin:

Abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladi, uning yakunlari bo‘yicha abituriyentlarni davlat test sinovlarini topshiruvchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi».

Bundan tushuniladiki, abituriyentlar 1-15 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan imtihonga qadar ham saralab olinadi.

«Imtihongacha o‘tkazilinadigan sinovlar yozma tarzda amalga oshirilib, abituriyentlarning dunyoqarashi va bilim darajasi tekshiriladi. Dastlabki imtihondan o‘tkazish ishlari 6-9 iyul kunlari tashkil qilinib, uning natijasi haqida 10 iyul sanasida ma'lum qilish reja qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad sinovdan o‘ta olmagan abituriyent boshqa oliygohga hujjat topshirishga ulgurishi kerakligi ko‘zda tutilgan», - deydi qabuldagi o‘zgarishlar haqidagi savollarga javob bergan JIDU qabul komissiyasi a'zosi.

Abituriyentlar uchun kerakli ma'lumotlar:

JIDU Qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1. Ta'lim yo‘nalishi, o‘qitish tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta'lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma'lumoti yo‘qligi hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varag‘ini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

2. O‘rta yoki o‘rta maxsus ma'lumot haqidagi hujjatning asl nusxasi;

3. 086/U-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma;

4. Pasportning nusxasi;

5. 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 ta fotosurat (fotosuratga universitet hududida maxsus tushiladi);

6. Mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda ko‘chirma.

Abituriyent Qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatni shaxsan ko‘rsatadi.

O‘tgan 2017-2018 o‘quv yilida jami 1427 ta hujjat topshirilgan hamda abituriyentlardan 7 nafari Respublika olimpiadasi g‘olibi, 86 nafari harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentdir. DTM Test sinovlari qaydnomasiga ko‘ra, qabul natijalari quyidagicha bo‘lgan:

JIDU quyidagi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni o‘qishga qabul qiladi:

•  Jahon siyosati (mintaqalar bo‘yicha);

•  Yurisprudentsiya (Xalqaro huquqiy faoliyat);

•  Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha).

Mavzuga oid