Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“O‘zbekkonsert” to‘ylarga boradigan san'atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxatini shakllantirdi
Barchamizga ma'lumki bugungi kunda Respublikamiz bo‘ylab to‘y, yubiley tadbirlarini ixchamlashtirish maqsadida tarviqot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ushbu targ‘ibot-tashviqot ishlariga bevosita daxldorlik nuqtai-nazaridan ikki yo‘nalish tadbirlarida ishtirok etadigan san'atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu yo‘nalishlarning birinchisi osh tadbirlari bo‘lsa, ikkinchisi to‘y va yubiley tadbirlaridir.
- Bundan ko‘zlangan asosiy sabab to‘ylarni ixchamlashtirish va xalqimizga yengillik yaratishdan iborat. San'atkorlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat narxlari imtiyozli bo‘lib, masalan, osh tadbirlarini o‘tkazish 500 mingdan 800 minggacha, to‘y va yubiley tadbirlarini o‘tkazish esa 800 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha belgilab qo‘yilgan. Bu xalqimizning sharoitidan kelib chiqqan holda, ularga har tomonlama yengillik yaratish maqsadida joriy etilgan narxlardir, - deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbari Odil Abduqahhorov.
Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, fuqarolar o‘z tadbirlariga ushbu ro‘yxatda keltirilgan telefon raqamlariga bog‘lanib, san'atkorlarni taklif etishlari mumkin bo‘ladi. Bu ro‘yxat “O‘zbekkonsert” tomonidan doimiy ravishda nazorat qilinadi va kengaytirib boriladi. Ro‘yxat bugungi kunda faqat Toshkent shahri uchun belgilangan bo‘lib, bir oy ichida Respublikadagi barcha tuman va shaharlar uchun ushbu imtiyozli ro‘yxat yo‘nalish bo‘yicha shakllantiriladi.
- Toshkent shahridagi Olmazor tumanidagi FHDYo bo‘limida tajriba asosida shuni boshladikki, endilikda qonuniy nikohdan o‘tgan kelin-kuyovlar o‘sha yerning o‘zida ro‘yxatda ko‘rsatilgan san'atkorlarni tanlab, ularga buyurtma qilishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun maxsus stendlar tashkil etilmoqda, - deydi O.Abduqahhorov.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatda ko‘rsatilgan raqamlarga 24 soat davomida qo‘ng‘iroq qilish mumkin va ular mutlaqo bepul.


