6 iyul juma kuni Yaponiyada «Aum Sinrikyo» ekstremistik sektasining yetti rahbari osib o‘ldirildi. Ular orasida sekta asoschisi, Syoko Asaxara nomi bilan tanilgan Tidzuo Matsumoto ham bor. U o‘zini Iso deb atagan va turli mamlakatlarda minglab muridlar orttirgan. Asaxara muridlari yordamida 1995 yilda Tokio metrosida gaz hujumini amalga oshirgan va 1980, 1990 yillarda ko‘plab shafqatsiz hujumlar uyushtirgan.
Kamgap ustoz
63 yoshli Asaxara 13ta jinoyatda ishtirok etishda ayblanib oliy jazoga hukm qilindi. Bu jinoyatlar oqibatida o‘ttiz kishi halok bo‘lgan.
O‘lim jazosi haqidagi hukmni Tokio tuman sudi 2004 yil fevralda chiqargan, 2006 yil sentabrda Oliy sud bu hukmni tasdiqlagandi. Ammo hukmni ijro etish boshqa gumondorlarni sud qilish tufayli ortga surib kelingandi. Sud jarayoni 2018 yil 25 yanvargacha davom etdi.

Asaxara bilan birgalikda «Aum Sinrikyo»ning yana 191 a'zosi qotillik, suiqasd, odam o‘g‘irlash, asabni falajlovchi gaz va o‘tochar qurollar ishlab chiqarishda ayblandi. Ulardan 12 nafari o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Ayrim ma'lumotlarga qaraganda, keyingi 10 yil davomida hibsda saqlangan Asaxara har qanday uchrashuvlarni rad etib kelgan.
Advokatlari bilan uchrashuvlarda va sud majlislarida Asaxara ko‘pincha jim o‘tirgan yoki ma'nosini hech kim tushunmaydigan so‘zlarni gapirgan. Shu bois uning himoyachisi Asaxara muomalaga layoqatsiz ekanligini, uni sud qilish mumkin emasligini bildirgan.
Biroq Oliy sud advokatning bu so‘rovini rad etgan.
Sektaning paydo bo‘lishi
Asaxara 1955 yilda Kyusyu orolida tug‘ilgan. U 1984 yilda «Aum Shinsen-no-kay» («Ma'nan yetuk va g‘ayritabiiy kuchga ega insonlar jamiyati») diniy tashkilotiga asos solgan. Tashkilot keyinchalik «Aum Sinrikyo» deb nomlangan. To‘rt yildan so‘ng uning izdoshlari soni 3-4 ming kishiga yetgan.
Uning muridlari nafaqat Yaponiya, balki AQSh va Rossiyada ham bor edi.
U tarafdorlarini hindlar ma'budi Shivaning qayta tug‘ilgan qiyofasi ekanligiga ishontirgan (Asaxara o‘zini «Tokio Isosi» va «Muqaddas papa» deb ham atagan) va ulardan barcha mol-mulklarini unga berishni talab qilgan. Asaxara o‘z ta'limotini barcha dinlarning umumlashmasi deb e'lon qilgan.

















