Jamiyat | 23:12 / 08.07.2018
35338
2 daqiqa o‘qiladi

​Farg‘onada yo‘lovchini mashinasida urib qochgan haydovchi ushlandi (video)

Joriy yilning 3 iyul kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tuman, “To‘xtaboy” mahallasidan oqib o‘tuvchi ariqdan noma'lum shaxsning jasadi topilgan. Jasad ko‘zdan kechirilganda, u yo‘l transport hodisasi natijasida vafot etganligi aniqlandi. Ushbu voqea tafsilotlari Farg‘onaning Muloqot TV telekanali orqali efirga uzatilgan ko‘rsatuvda shunday deyiladi.

Ma'lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi maxsus tezkor qidiruv guruhi tomonidan, jinoyatni ochish yuzasidan tezkor qidiruv tadbirlar o‘tkazildi. Yo‘llarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari va voqeaga guvoh bo‘lgan kishilardan olingan ma'lumotlarga asosan, yo‘l transport hodisasi Gaz-24 rusumli avtomashina ishtirokida bo‘lganligi aniqlangan.

Shu tariqa viloyatda bu turdagi avtomashinalar bir ketin ko‘zdan kechirilib, qidiruv tadbirlari o‘z natijasini berdi. Oradan ikki kun o‘tgandan so‘ng, mazkur jinoyatni Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi Alisher Alimov o‘zining davlat raqami 40 C 304 DA bo‘lgan Gaz-24 rusumli avtomashinasida sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi.

Gumonlanuvchi Alisher Alimov yo‘l transport hodisasini sodir etgandan so‘ng, eng avvalo jabrlangan piyodaga yordam ko‘rsatib, uni hayotini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan ishni bajarishi kerak. Lekin Alisher Alimov bu yo‘lni tutmadi.

Hozirgi kunda ayblanuvchi Alisher Alimov ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2-qismi va 117-moddasining 2-qismlari bilan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid