O‘zbekiston | 20:08 / 29.01.2026
6044
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Ayubxon Rahmatullayev so‘nggi o‘n yillikda Farg‘ona viloyati IIB rahbarligiga kelgan oltinchi mulozim bo‘lmoqda.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Polkovnik Ayubxon Rahmatullayev muqaddam ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – moliya va moddiy texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2021 yil martidan Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2025 yil martida IIV rahbariga o‘rinbosarlikka qaytarilgandi.

2026 yil 28 yanvar kuni boshqa ishga o‘tkazilayotgani munosabati bilan ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgandi.

Ma’lumot uchun, Rahmatullayev so‘nggi o‘n yillikda ushbu viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarligiga tayinlangan oltinchi mulozim bo‘lmoqda. Bungacha ushbu lavozimda Aloviddin Sultonov (2015-2017 y.y), Rahmat Mamatov (2017-2020), Doniyor Toshxo‘jayev (2020-2022), Muhiddin Jo‘rayev (2022-2023) va Azizbek Ikromov (2023-2026) ishlagandi.

Bugungi kunda Aloviddin Sultonov pensiyada, Rahmat Mamatov keyinroq mahalla va oila vaziri va Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida (2025 yil yozigacha) ishladi, Doniyor Toshxo‘jayev Farg‘onadan ichki ishlar vaziri o‘rinbosarligiga qaytgandi, keyinroq 7 yilga qamaldi, Muhiddin Jo‘rayevning 2023 yil yozida prezident tanqidiga uchrab, ishdan olinganidan keyingi faoliyati haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. So‘nggi uch yilga yaqin viloyat IIBga rahbarlik qilib kelgan Azizbek Ikromov esa shu kunlarda favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga o‘tkazildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid