Jahon | 12:50 / 08.07.2018
6306
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada iyul voqealaridan keyin ishdan bo‘shatilgan davlat xizmatchilari soni bo‘yicha hisobot berildi

Turkiya hukumati 2016 yil iyulidagi davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin amalga kirgan favqulodda holat rejimi doirasida turli vazirlik va idoralarda ishlovchi 18 mingdan ortiq davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatgan. Bu haqda Resmi Gazete  rasmiy xabarnomasida chop etilgan «qonun kuchiga ega farmon»da ma'lum qilindi.

Eng ko‘p xodim – qariyb 9 ming kishi xavfsizlik bosh boshqarmasidan bo‘shatildi.

Anadolu xabariga ko‘ra, o‘tgan ikki yil davomida Turkiya quruqlik kuchlari safidan 3077, Harbiy-dengiz kuchlari safidan — 1126, Harbiy-havo kuchlari safidan — 1949 nafar zobitlar va harbiy xizmatchilar ishdan bo‘shatilgan.

Jandarmeriya safidan 649 nafar zobit va kichik unvondagi boshqa harbiy xizmatchilar bo‘shatilgan, Ichki ishlar tizimida — 8998 nafar xodim ishdan olingan.

Shuningdek, 4 nafar gubernator o‘rinbosari va 4 nafar ijro hokimiyati rahbar vakili vakolatidan mahrum bo‘lgan.

Adliya vazirligida 1052 nafar xodim ishsiz qolgan. 

Bundan tashqari, 12ta nodavlat tashkiloti faoliyati to‘xtatilgan, 3 gazeta va 1 telekanal yopilgan.

Ishdan bo‘shatilganlar davlat xizmatchilariga beriladigan imtiyozlardan mahrum qilinadi va qaytib davlat idoralariga ishga olinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil mayida Istanbulda 150 nafar turk harbiysi davlat to‘ntarishi tashkilotchiligida ayblangan Fathulloh Gulen tashkiloti — FETO ga aloqadorligi uchun hibs qilingandi.

Ma'lumot uchun, «Qonun kuchiga ega farmon» hukumat farmoyishi bo‘lib, Turkiyada amalda bo‘lgan favqulodda holat rejimida parlament uni ma'qullashi shart emas. Farmoyish hukumat a'zolari va prezident imzolashi va Resmi Gazete chop etishi bilan kuchga kiradi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid