Jahon | 08:50 / 09.07.2018
5270
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun Erdo‘g‘an o‘z lavozimini bajarishga kirishadi 

Foto: Presidency Press Service /AP/Pool

9 iyulda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaning prezidenti sifatida qasamyod keltiradi va ikkinchi muddatga prezident lavozimini bajarishga kirishadi.

Erdo‘g‘anning inauguratsiyasi marosimi mahalliy vaqt bilan soat 16.00da Turkiyaning parlamentida o‘tadi. So‘ngra Erdo‘g‘an prezident qarorgohiga yo‘l oladi va u yerda mamlakatning parlament boshqaruvi shaklidan prezident shakliga o‘tishiga bag‘ishlangan marosim o‘tadi.

Bundan tashqari, shu kun Turkiya vazirlar mahkamasining yangi tarkibi e'lon qilinadi. Bir qator vazirliklarning birlashishi natijasida vazirlar soni 21 nafardan 16 nafargacha kamayadi. 

Vazirlar mahkamasining yangi tarkibi tasdiqlangandan keyin mamlakatda 2016 yil davlat to‘ntaruviga urinishdan keyin kiritilgan favqulodda vaziyat tartibi bekor qilinishi kutilmoqda.  

Erdo‘g‘anning inauguratsiyasi marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etadi. 

Turkiyada 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan prezident va parlament saylovlarida Erdo‘g‘an 52,59 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgan, uning Adolat va taraqqiyot partiyasi 41,56 foiz ovoz olgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid