Jamiyat | 14:23 / 09.07.2018
13266
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro matematika musobaqasida g‘alaba qozonishdi

Bolgariyaning Burgas shahrida 1–6 iyul kunlari o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada vakillarimiz bitta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga XTV matbuot xizmati.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Yurtimizda o‘tgan yillar davomida ta'lim tizimi tubdan isloh qilinib, o‘qitish jarayoniga ilg‘or metod va usullar, yangi pedagogik texnologiyalar tatbiq qilindi. Dars va mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilayotgani esa o‘g‘il-qizlarimizning fanlarga qiziqishini oshirmoqda. Pirovardida, ta'lim sifat va samaradorligi yuksalib, ularning nufuzli ko‘rik-tanlov hamda intellektual musobaqalarda zafar quchishiga zamin yaratmoqda. O‘quvchilarimizning Bolgariyada erishgan g‘alabasi ham tizimdagi islohotlarning amaliy samarasidir.

Maktab o‘quvchilarining Xalqaro matematika musobaqasi (International Mathematics Competition) dunyoning iqtidorli o‘quvchilari uchun eng katta va muhim forum hisoblanib, unda ishtirok etish har bir mamlakat uchun sharafdir.

Mazkur nufuzli musobaqada beshinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi shu yili musobaqada ishtiroki tarixida ilk marotaba umumjamoa hisobida eng ko‘p medalni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMning 8-sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev va Peshko‘ tumanidagi 18-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Jahongir Norboyev – kumush medal, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 7-sinf o‘quvchisi Iskandar Bo‘riyev, Uchtepa tumanidagi 4-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Muhammadrizo Majidov bronza medalga sazovor bo‘lishdi.

Mavzuga oid