Jamiyat | 18:10 / 11.07.2018
15533
2 daqiqa o‘qiladi

Haqiqiy muhtoj kishi «Vaqf»dan pul so‘rashi mumkinmi? 

Muhtoj inson zaruriy ehtiyojlari uchun «Vaqf» xayriya jamoat fondiga murojaat etib, moliyaviy yordam olishi mumkin. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Muzaffar Komilov ma'lumot berdi. 

Muzaffar Komilov
Foto: Xalqaro Press-klub

Joriy yilning 11 iyul kuni Toshkent shahridagi Media-markaz binosida Xalqaro Press-klubning «Vaqf: xayriya mablag‘lari boshqaruviga shaffof yondashuv» mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda nutq qilgan qo‘mita rasmiy vakili ayrim savollarga javob berdi.   

«Bank foyda ko‘rmasa, mablag‘ ajratmaydi. Biroq, haqli inson qarz so‘rab, shifo maqsadida, masalan, davolanish yoki to‘lov-kontraktini to‘lamoqchi bo‘lgan muhtoj inson bo‘lsa, foizsiz qarz olsin, marhamat. Pulning o‘zini vaqf qilib qo‘yish mumkin, shu holatda uni foydalanishga berib turish mumkin bo‘ladi. Demak, vaqfni vaqfga ishlatish mumkin. Faqatgina uni tartibga olish kerak», — deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Muzaffar Komilov.  

Komilovning ta'kidlashicha, zakot va boshqa turdagi xayriya pullar maqsadli, o‘z yo‘nalishida sarflansa, pulning o‘zini ham vaqf qilish mumkin. 

«Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir. Ya'ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlangan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchilarga abadiy bo‘ladi», —deb xabar beriladi bayonotda.

Mavzuga oid