Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Merkel Trampning zaharxandasiga javob qaytardi
Foto: The Hill
Germaniya kansleri Angela Merkel Donald Trampning Berlin to‘laligicha Rossiya nazorati ostida ekanligi haqidagi so‘zlariga javob qaytardi. U Bryusseldagi NATO sammitiga tashrif buyurishi bilan bayonot berdi, deb xabar qildi Reuters.
«Germaniyaning bir qismi Sovet Ittifoqi tomonidan nazorat qilingan davrni o‘z boshimdan kechirganman. Bugun biz ozod GFRda hamjihat ekanligimizdan judayam xursandman. Shu bois biz mustaqil siyosat olib boramiz va mustaqil qaror qabul qilamiz deb ayta olamiz», — dedi kansler.
Merkel, shuningdek, nafaqat Vashington, balki Berlin ham NATO uchun ko‘p narsa qilayotganligini, xususan, harakatdagi kuchlar borasida AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turishini ta'kidladi.
«Biz Afg‘oniston bo‘yicha faol hamkorlik qilmoqdamiz. Shu tarzda AQSh manfaatlarini biz ham himoya qilyapmiz», — deb qo‘shib qo‘ydi u.
Avvalroq, 11 iyul kuni Tramp Germaniya «Shimoliy oqim-2» loyihasini qo‘llab-quvvatlagani uchun «Rossiyaning asiri»ga aylanganini bildirgandi. U Yevropani Rossiyadan himoya qilish uchun aynan AQSh pul to‘layotgan bir paytda mintaqaning eng boy mamlakati bo‘lgan GFR gaz quvuri qurilishini qo‘llab-quvvatlashi “aqlga to‘g‘ri kelmasligini” ta'kidlagandi. U, shuningdek, Berlin puli bo‘la turib mudofaa xarajatlarini oshirishga qurbi yetmasligidan norozi bo‘lgandi.
«Shimoliy oqim-2» — Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi gaz quvuri loyihasi bo‘lib, u Boltiq dengizi tubidan o‘tadi. Loyihaning umumiy gaz o‘tkazish quvvati yiliga 55 milliard kubometr deb baholanmoqda. Gaz quvuri 2019 yil oxirida ishga tushishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
09:10 / 09.04.2026
AQSh NATOdagi a’zoligini qayta ko‘rib chiqishi mumkin
13:42 / 10.03.2026
Eronga AQSh maxsus kuchlari yuborilishi haqidagi xabarlar inkor etildi
12:07 / 23.02.2026
Trampning qarorgohi yonida otib o‘ldirilgan shaxs 21 yoshli rassom bo‘lgan
19:55 / 15.12.2021