O‘zbekiston | 19:43 / 11.07.2018
11227
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga keluvchi xorijliklar soni deyarli ikki baravarga oshdi

Foto: novotours.uz

O‘zbekistonga keluvchi xorij fuqarolari soni o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan deyarli ikki baravarga oshdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

2018 yilning birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra shuni ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy samara bermoqda. Birinchi yarim yillikda mamlakatimizga kelgan xorijiy fuqarolarning umumiy soni 2017 yilning xuddi shu davriga nisbatan deyarli ikki baravarga oshib, 2 688 962 nafarni tashkil qildi, bu esa ko‘rsatkichlarning bir yilda 91,6 foizga o‘sganini ko‘rsatadi. 

Ta'kidlash joizki, vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni sezilarli darajada oshgan. Masalan, 2018 yilning birinchi yarim yilligida Turkiyadan kelgan sayyohlar soni 31 966 nafarni (+95,6 foiz), Yaponiyadan kelgan sayyohlar ko‘rsatkichi 6 200 nafarni (+68,1 foiz), Isroildan kelgan turistlar soni esa 3 615 nafarni (86,2 foiz) tashkil qildi. Bundan tashqari, Indoneziyadan 750 nafar (3 baravardan ko‘proq), Singapurdan 424 nafar (2,5 baravardan ko‘proq) sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 

Shuningdek, iyun oyida Koreya Respublikasidan kelgan sayyohlar sonining 57,5 foizga, Malayziyadan kelganlar soni esa 2,6 baravarga oshishi kuzatilgan. 

O‘zbekiston har yili minglab sayyohlarni jalb qilib keladi, biroq bu raqamlar mamlakat turistik salohiyatini to‘liq ochib bera olmaydi. Shu bois respublikada turizmni tezkor rivojlantirishga doir islohotlar faol olib borilmoqda.

Mavzuga oid