Jamiyat | 22:18 / 12.07.2018
10573
3 daqiqa o‘qiladi

Sud avtotransport vositasiga oid jinoyatga ajrim chiqardi

2018 yilning 11 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Qibray tuman sudida ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisi X.Xalikovning raisligida olib borildi.Sudlanuvchi Umarov Ibrohimbek Shovkat o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi I.Umarov 2018 yil 24 aprel kuni soat 23:00larda akasi Umarov Bahrom Shovkatovichga tegishli “Spark” rusumli davlat raqam belgisi 01 V 231 TA bo‘lgan avtomashinasini ishonchnoma asosida soatiga 60-70 km. tezlikda boshqarib, Toshkent shahri tomondan Qibray tumani yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent Davlat agrar universitetining chorrahasi tomon harakatlanib kelib, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 77-bandi 3-qismi va 110-bandida ko‘rsatilgan talablarni buzib, o‘zining jinoiy beparvoligi oqibatida yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga kesib o‘tayotgan piyoda Djalilov Axmad Ergashevichni avtomashinasini oldi qismi bilan urib yuborgan. Natijada piyoda A.E.Djalilov olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.  

Sudlanuvchi I.Sh.Umarov sud majlisida yarashuv to‘g‘risidagi arizasini quvvatlab, aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymondaligi, sodir etilgan qilmishining oqibatlarini anglaganligi, jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to‘liq qoplaganligi, hozirda jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar bilan biron-bir tazyiqsiz yarashib olganligi haqida ko‘rsatuv berib, jinoyat ishini tugatishni so‘radi.

Sud shularni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan I.Umarovga nisbatan jinoyat ishi, u jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar bilan yarashganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 661-moddasiga (Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish)  asosan jinoyat ishi tugatildi va ajrim chiqarildi.

Ajrimdan norozi taraflar o‘n sutka ichida, shu tuman sudi orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudiga xususiy shikoyat berishlari yoki xususiy protest keltirishlari mumkin.

Mavzuga oid