Jahon | 00:23 / 13.07.2018
18463
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Buyuk Britaniyaga amaliy tashrif bilan yetib keldi

Foto: The National

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 iyulda Buyuk Britaniyaga amaliy tashrif bilan yetib keldi. U bu yerda 15 iyulgacha qoladi. Trampning samolyoti Stansted aeroportida qo‘ngan. AQSh prezidentiga uning rafiqasi Melanya Tramp hamrohlik qilmoqda.

Tramp aeroportdan AQSh elchisining Ridjyents-parkdagi qarorgohiga vertolyotda yo‘l olgan. U kechki payt Oksfordshir grafligidagi Blenxeym saroyiga Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey tomonidan uning sharafiga o‘tkaziladigan kechki tanovulga yo‘l olishi rejalashtirilgan. Bu saroy Malboro gersoglarining qarorgohi va Uinston Cherchill tug‘ilgan joy hisoblanadi. 

13 iyulda Tramp va Mey Britaniya va AQSh harbiylari mashg‘ulotlarida bo‘lishadi. So‘ngra ikki yetakchi Meyning Chekers qarorgohida muzokaralar o‘tkazishadi. Ta'kiddlanishicha, tomonlar keng spektrdagi tashqi siyosiy masalalarni, jumladan, Rossiya, Brexit va Yaqin Sharqni hamda savdo munosabatlaridagi muammolarni muhokama qilishadi.

Muzokaralardan so‘ng Tramp rafiqasi bilan Mey hamrohligida Vindzor saroyiga Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning qabuliga borishadi. Kechki payt Tramp Shotlandiyaga yo‘l olib, u yerdagi o‘ziga tegishli Trump Turnberry golf-kurortida yakshanbagacha qoladi.

Tramp 15 iyulda Shotlandiyadan Xelsinkiga jo‘naydi va u yerda 16 iyulda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.

Trampning London va boshqa joylarga tashrifi vaqtida uning siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari, jumladan 13 iyulda Londonda “Trampni to‘xtating” shiori ostida namoyish o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda 60 mingga yaqin kishi ishtirok etish istagini bildirgan. Bundan tashqari, London markazida 10 ming kishilik ayollar marshi bo‘lib o‘tadi.  

Avvalroq AQShning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vud Jonson Tramp norozilik namoyishlaridan xavfsiramayotganini va “bor e'tiborini o‘z tashrifi maqsadlariga qaratishini va shaxsiy fikrni erkin bildirish imkoniyatini ma'qullashini” aytgan.

Mavzuga oid