O‘zbekiston | 08:14 / 14.07.2018
9522
5 daqiqa o‘qiladi

«Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda so‘nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarilgani qayd etilgan. Bundan tashqari, so‘nggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘ntaligidan joy olgani ta'kidlangan.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlar talablariga hanuzgacha to‘liq javob bermasligi, ayrim davlat organlari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida e'lon qilingan islohotlarning amaldagi ijrosini yetarli darajada ta'minlamayotgani qayd etilgan.

Eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamjamiyatda mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish, hududlarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash yuzasidan yakuniy natijalarga erishish uchun vakolatli organlar rahbarlarining javobgarligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

  • investitsiya muhitini yaxshilash sohasida olib borilayotgan islohotlarning strategik maqsadi – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun mamlakatda 2022 yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda bu yo‘nalishda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanishi belgilab qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:

  • Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» hisobotidagi O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va lozim darajada bajarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirishni;
  • «Biznes yuritish» hisobotidagi O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar bilan o‘zaro amaliy hamkorlikni;
  • Jahon banki guruhi ekspertlari va «Biznes yuritish» jamoasi bilan O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini asoslash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun har yili idoralararo ishchi guruhni Vashington shahriga (AQSh) yuborishni;
  • manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda eng muhim xalqaro reytinglarni va tarkibiy indikatorlarni, ularni shakllantirish metodologiyasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslarda oxirgi ikki yilda egallab turgan mavqeini chuqur o‘rganishni;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tegishli xalqaro reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining mavqeini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashni ta'minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish doirasida qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini tizimli ravishda o‘rganib borsin, bunda tasdiqlangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlamagan hamda kechikishlarga yo‘l qo‘ygan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan aniq ta'sir choralarini qo‘llaydi.

Mavzuga oid