16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Xelsinkida Donald Tramp 2016 yilda AQSh prezidenti etib saylanganidan buyon ilk bor to‘liq shakldagi Rossiya-AQSh sammiti bo‘lib o‘tdi.

Bunga qadar Putin va Tramp ikki marta va faqatgina xalqaro tadbirlar «maydonida» – 2017 yil iyulda Hamburgda «Katta yigirmatalik» sammitida va o‘sha yil noyabrida Vetnamda OTIH (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) sammitida uchrashishgandi.

Mazkur uchrashuv dasturiga ko‘ra ikki davlat rahbarlari bir yarim soat yakkama-yakka suhbatlashishi va so‘ngra kengaytirilgan tarkibdagi Rossiya-Amerika muzokaralari o‘tkazilishi lozim edi. O‘zaro muloqotdan oldin Rossiya va AQSh prezidentlari qisqa salom-alik qilishdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytarishmadi.

Putin va Trampning yakkama-yakka uchrashuvi 55 daqiqa kech boshlandi va 2 soatu 10 daqiqa davom etdi.

Uchrashuv bahosi
Putin sammit yakunlari bo‘yicha Tramp bilan muzokaralar foydali bo‘lganini va ishchan ruhda o‘tganligini qayd etdi. «Muzokaralarni judayam muvaffaqiyatli va foydali deb hisoblayman», - dedi u.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Amerika rahbari bilan muzokaralar Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashni har ikki tomon ham xohlayotganini ko‘rsatdi. «Bugungi muzokaralar bizning prezident Tramp bilan ikki tomonlama munosabatlardagi salbiy vaziyatni o‘nglash, ilk qadamlarni tashlash, ishonchni tiklash va avvalgi darajadagi hamkorlikni qaytarish borasidagi istaklarimizni aks ettirdi», - dedi Putin.

Rossiya prezidenti Rossiya va AQSh munosabatlaridagi qiyinchilik va og‘ir muhit obektiv sabablarga ega emasligini bildirdi. «Sovuq urush» allaqachon tugagan, ikki davlatning keskin mafkuraviy qarama-qarshiligi uzoq o‘tmishda qolgan, dunyodagi vaziyat tubdan o‘zgargan», - dedi Putin. U «bugungi kunda Rossiya ham, AQSh ham butkul boshqacha chaqiriqlar oldida qolgani»ni va «bunga faqatgina kuchlarni birlashtirish orqali qarshi tura olish mumkinligi»ni ta'kidladi.

Tramp o‘z navbatida Moskva va Vashington munosabatlarining hozirgi holati haqida gapirar ekan, «yuzaga kelgan vaziyat uchun javobgarlik» har ikki tomon zimmasida ekanligini qayd etdi.

«AQSh o‘zini ahmoqona tutdi. Biz Rossiya bilan muloqotni allaqachon, men hokimiyatga kelmasimdan avval boshlashimiz kerak edi», - dedi Amerika yetakchisi.

«Men bunga hammamiz aybdormiz deb hisoblayman. Va hozirda AQSh Rossiya bilan birgalikda munosabatlarni tiklamoqda. Bizda hamkorlik qilish va eng muhim masala - yadroviy qurol tarqalishini to‘xtatish ustida ishlash imkoniyati mavjud», - dedi AQSh prezidenti.