O‘zbekiston | 19:40 / 17.07.2018
33990
7 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik issiq ob-havo sharoitida qanday harakatlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Foto: Kun.uz

Favqulodda vaziyatlar vazirligi issiq ob-havo sharoitida qanday harakat qilish lozimligi bo‘yicha tavsiya e'lon qildi

Vazirlik matbuot xizmati xabarida bir necha kun davomida o‘rtacha haroratdan 10 va undan ortiq darajada oshib, kuchli issiq ob-havo kuzatilganida, inson tana harorati 38 darajadan ortishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bunday ob-havoda uzoq vaqt bo‘lish quyosh urishi va yurak faoliyati buzilishiga olib keladi. Teri qizarishi, shilliq qavatlar qurishi va kuchli tashnalik - issiq urishi simptomlari hisoblanadi. Bu holatda tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, odam hushdan ketib, nafas olish va yurak urishi to‘xtashi mumkin.

«Issiq ob-havo paytida salomatlik bilan bog‘liq muammolar oldini olish maqsadida, tamaki mahsulotlarini chekishni, alkogol ichimliklarini ichishni, kuchli jismoniy mehnat qilishni va ovqat iste'mol qilishni kamaytirish lozim», deyiladi xabarda.

Kuchli issiq ob-havoga tayyorgarlik ko‘rish
Oldindan ichimlik suvi zaxiralarini yaratish, issiq ob-havoga mos kiyim-kechak, ventilyator, konditsionerlarni tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi. Dala sharoitida chodir (chayla, kapa) hamda quduqlar qurish, iloji boricha elektr uskunalar ishlashi uchun avtonom elektr manbaini sotib olish zarur.

Issiq ob-havo paytida qanday harakat qilish kerak

  1. Issiq havo ta'siridan saqlaning. Och (oq) rangdagi havo o‘tkazadigan (iloji boricha paxtadan tayyorlangan) kiyim-kechak va bosh kiyim kiyib yuring. Esda tuting, kuygan teri terlamaydi va sovumaydi. Ko‘chada shoshmay yuring, ko‘proq soyada bo‘lishga harakat qiling.
  2. Ko‘proq suyuqlik (suv) iste'mol qilish. Suyuqlikni (suvni) to‘g‘ri iste'mol qilish rejimi organizmni yaxshi faoliyat qilishiga sharoit yaratadi. Issiq ob-havo paytida iste'mol qilinadigan suv miqdorini ko‘paytirish lozim. Bunda shirali ichimlik yoki shirin gazlangan ichimlik o‘rniga oddiy suv bilan organizmdagi suv tanqisligini bartaraf etish kerak. Pivo yoki boshqa alkogol ichimliklar iste'mol qilmang, bu organizmning umumiy holati yomonlashishiga olib keladi. Issiq ob-havo paytida soat 12:00dan 16:00gacha ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiling, ayniqsa ochiq quyosh tagida yurmang. O‘zingizni va ishingizni shunday rejalashtiringki, bu oraliqda siz uyda yoki ishxonada bo‘ling.
  3. Iloji boricha ko‘proq dush qabul qiling. Muntazam tozalanish teri yanada samarali nafas olishiga ko‘mak beradi. Suv xona haroratida bo‘lishi kerak. Muzday suvda sovushga intilish, haroratlar birdan almashganida rivojlanadigan zotiljam kasalligiga qisqa yo‘ldir.
  4. Issiq (oftob) urganda soyaga yoki shaboda bor joyga o‘ting, dush qabul qiling va asta-sekin ko‘p miqdorda suv iching. Issiq (oftob, kun) urishi oldini olish maqsadida o‘z tanangizni sovutishga harakat qiling.
  5. Iste'mol qilinadigan oziq-ovqat tarkibini o‘zgartishga harakat qiling. Issiq ob-havo paytida e'tiboringizni sovuq ovqatlar iste'mol qilishga qarating. Meva va sabzavotlar iste'mol qiling. Ovqatlarni albatta tuz bilan iste'mol qiling. Chunki issiq ob-havo paytida inson ko‘p terlaydi va shu bilan birga yetarlicha natriy tuzini yo‘qotadi.
  6. Sintetik matolarda tayyorlangan kiyim-kechaklar kiymaslikka harakat qiling. Issiq ob-havo paytida paxtadan tayyorlangan kiyim-kechak tanlash darkor. Kepka, panama yoki shlyapa kiyishdan uyalmang. Issiq (oftob) urishi ko‘pincha insonlarning boshi qizib ketishi tufayli yuz beradi.
  7. Bunday issiq ob-havoni konditsionersiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Agar siz konditsioner o‘rnatilgan xonada vaqtni o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, unda konditsionerdan esayotgan shamol yo‘nalishi bo‘ylab joylashmang. Odatda konditsionerlarda ko‘plab bakteriyalar mavjud, ushbu bakteriyalar sovuq havo bilan birga insonga ta'sir etishi, undagi surunkali bronxit va zotiljam kasalliklari kuchayib ketishiga sabab bo‘ladi.
  8. Tana haroratini pasaytirishga sovuq suvga oyoq va ko‘llarni botirish yo‘li bilan erishish mumkin. Issiq (oftob) urishi alomatlari (umumiy holsizlik, bosh og‘rishi, yuz rangini o‘chishi (oqarib) yoki qizarib ketishi, puls me'yorida emasligi) paydo bo‘lganda terlash bilan bog‘liq suv yo‘qotilishi o‘rnini to‘ldirish uchun muntazam kichik hajmlarda (80-100 ml) suv iste'mol qilish kerak, bunda suvni iloji boricha uzoqroq og‘izda ushlab keyin ichish kerak, tanani tezda sovutish (soyaga, shaboda bor joyga o‘tish, dush qabul qilish) kerak.

Issiq ob-havo paytida plyajda o‘zini tutish qoidalari

Agar siz issiq ob-havo paytida plyajda yoki daryo (soy) bo‘yida dam olayotgan bo‘lsangiz, doim esingizda tuting quyoshda havo xarorati +50 daraja va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Shu paytda suv harorati +22 - +26 daraja bo‘ladi. Bunda haroratlar farqi 25-30 darajani tashkil qiladi.

Agar suvning bo‘yida quyoshda uzoq vaqt bo‘lib, birdan suvga kirsangiz (suvga tashlansangiz), bunda haroratlar farqi tufayli o‘pka siqilishi (nafas olish qiyinlashib) va yurak urishi to‘xtab qolishi mumkin.

Shuning uchun, suvga kirishdan oldin badanni ho‘llab (bel, ko‘krak va h.k.), suvga moslashish kerak. Bunga ko‘proq keksa yoshdagi kishilar amal qilishlari zarur.

Biroz avvalroq 19-23 iyul kunlari O‘zbekistonga Erondan quruq va juda issiq havo Turkmaniston orqali kirib kelishi,  respublikaning aksariyat hududlarida havoning kunduzgi harorati o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 5–7 darajaga oshib, 40–43 darajani tashkil etishi haqida ogohlantirilgandi.

Mavzuga oid