Jamiyat | 08:40 / 18.07.2018
48985
8 daqiqa o‘qiladi

«Uyga uy, joyga joy». Hovlisi buzilayotgan chiroqchiliklarning talabi ana shunday

Hech bir buyuk davlat, hech bir istiqbolli jamiyat ishonchsizlik tuyg‘usi zamirida qurilmagan. Ya'ni, bunday taraqqiyot negizida xalq va hukumat o‘rtasida shaffoflik va ishonch ko‘priklari mustahkam bo‘lgan. Buni bugun dovrug‘i dunyoga ketgan davlatlar misolida ham ko‘rish mumkin. Bugun tamal toshi tashlanayotgan O‘zbekistonning tarixiy davrida ham avvalboshdan ana shu siyosat ilgari surildi. Davlat rahbarining shaxsan o‘zi bu mavzuni qayta-qayta gapirdi. Ammo hamma yerda ham bunga ahamiyat berilmayotgandek, xalq va hokimiyat o‘rtasidagi tushunmovchilik sabab turli nizolar, mojarolar, ishonchsizlik kabi holatlar yuzaga chiqib qolmoqda. Buni quyida tilga olinajak voqealar rivojida ham ko‘rish mumkin.

Chiroqchiga yo‘l...

KUN.UZ tahririyatiga Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanining bir guruh fuqarolari tomonidan imzolangan shikoyat kelib tushdi. Shikoyatda joriy yilning mart oyida tuman hokimi Rustam Jo‘raqobilovning qaroriga muvofiq Chiroqchi tumani, “Chiroqchi” mahallasida joylashgan to‘qqizta uyni buzish haqida uy egalariga ogohlantirish xati berilgani, shundan so‘ng tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Abdurahimov mahalla raisi bilan birgalikda uyma uy yurib, uy egalariga tahdid qilgani va uylaridan chiqib ketishlarini talab qilgani bayon etilgan.

Biz mazkur masalani o‘rganish maqsadida Chiroqchi tumaniga yo‘l oldik. Vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishni, holatga xolis nuqtai nazar bilan yondashishni istadik. U yerga yetib borganimizda odamlar to‘planib turardi...

Xalq nima deydi?

Odamlar bizni o‘rab olib, o‘z dardlarini ayta ketishdi. Kimdir uyi buzilishini istamaydi, yana kimdir noturar-joy buzilishidan norozi. Boshqa birov esa uyining baholanish qiymatidan qoniqmagan. Ba'zilar yolg‘iz ayol, oralarida birinchi va ikkinchi guruh nogironlari ham bor.

- Mening sharoitim yaxshi emas, yoshim ham keksayib qoldi,  kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatida turamiz, uyimiz buzilsa, oilada uni buzish-qurish ishlariga qaraydigan erkak kishi yo‘q, - deydi keksa yoshdagi onaxonlardan biri.

- Men ham yolg‘iz ayolman. Uyim oldidan avtomobillarning ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘illanuvchi do‘kon ochgan edim, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelaman. Hokim noturar-joylarga hech qanday kompensatsiya ham, yer ham berilmaydi. Buzib tashlanglar bunday joylarni deyapti. Shu adolatdanmi? - deydi mahalla fuqarolaridan biri.

- Biz taraqqiyotga qarshi emasmiz. Mayli, tumanimiz obod bo‘lsin. Ammo biz uylarimiz o‘rniga tushadigan ko‘p qavatli turar-joydan bizga uy berilishini istaymiz. Bizga tuman hokimiyati tomonidan ajratilgan kompensatsiya to‘lovi ham, ajratilgan to‘rt sotixli yer ham kerak emas. Bizga aynan mana shu uydan xonadonlar berilsin, buziladigan noturar joy o‘rniga noturar joy berilsin. Uylarimizni buzish va qayta qurishga toqatimiz yetmaydi. Talabimiz shu,  - dedi yana bir fuqaro.

Ma'lum bo‘lishicha, buzilishi kerak bo‘lgan uylarning egalariga mart, aprel, may, iyun oylarida ham ogohlantirish xati yuborilgan va uylarini baholatish so‘ralgan. Ammo negadir hech kim bu ishni bajarmagan. Faqat to‘rt xonadon o‘z uyini baholatib, uni buzib, hokimiyat ajratib bergan yerda imorat solmoqda.

Hokimiyatning vaziyatga munosabati

Chiroqchi tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Abdurahimovning bizga bergan ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 28-29 yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yakunlariga bag‘ishlab, Chiroqchi tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonining 20-bandida Chiroqchi tumanida 3 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, tuman hokimining 2018 yil 19 martdagi X-439/03-sonli qaroriga muvofiq Chiroqchi tumani, “Chiroqchi” mahalla fuqarolar yig‘ini, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan mazkur hududda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan.

- Ushbu 3 ta ko‘p qavatli uy-joyning qurilishi munosabati bilan tanlangan yer maydonida mavjud, fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli uy-joylar va noturar joy obektlari 1970 yillarda past narxlarda baholangan. Hozirgi kunda uy-joylarni qayta narxlatish bo‘yicha aholi rasman ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan shu bugungacha belgilangan tartibda narxlatilmasdan kelinmoqda. Bu esa yuqorida qayd etilgan bayonnomaning tegishli bandi ijro etilishini kechiktirmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olib, mazkur uy-joylarning kadastr hujjatlari asosida qayta baholatib olishga majbur bo‘lmoqdamiz. Birov uyingni buzaman desa hech kimga yoqmaydi. Shu sabab aholiga yengillik qilish maqsadida tumanning markaziy qismidan ularga yer ajratib beriladigan bo‘ldi. Men yuzma yuz ko‘rishganda ham odamlarga uylari buzilishi, shu sabab tezroq baholatib kelishlarini aytganman.

Bundan tashqari, uylarga ajratiladigan pullar ham naqd ko‘rinishda odamlarga beriladigan bo‘ldi. Mazkur uylarning uchtasida noturar joy tashkil etilib, xonadon egalari savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. Ana shu uch nafar fuqaroning ham masalasini hal etish uchun ularni hokimiyatga chaqirtirdim. Ikki nafari keldi, ammo bir nafar fuqaro kelmadi. Qonun bo‘yicha noturar joyga faqat yer beriladi, kompensatsiya to‘lovi qilinmaydi. Men bu uch nafar fuqaroga yo‘lning narigi tomonidan yer ajratib berib, quruvchilar tomonidan tegishli yordamlar ko‘rsatilishiga topshiriq bergan bo‘lsamda, ammo ular noma'lum sabablarga ko‘ra bunga ham rozi bo‘lishmayapti, - deydi hokim o‘rinbosari O‘.Abdurahimov.

Xulosa o‘rnida...

Vaziyat ana shunday. Biz holatga yuqorida aytganimizdek, xolis nuqtai nazardan yondashishni istaymiz. Xalq vakillari ham o‘zlari ta'kidlagandek, taraqqiyotga qarshi emas, ammo ayni vaqtda uylaridan, jonajon mahalla va ko‘chalaridan ketishni istashmaydi. Uchrashuv vaqtida tuman hokimi o‘rinbosari odamlarga mana shu joyda quriladigan turar-joydan xonadonlar ajratilishini, faqat xonadonlarning yetmay qolgan narxini kredit evaziga to‘lab borishlarini aytdi. Ammo fuqarolar bunga ko‘nmaydi. Chunki ular orasida kam ta'minlanganlar, boquvchisini yo‘qotganlar, doimiy ishga va daromad manbaiga ega bo‘lmaganlar bor.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra Yer uchastkalarini olib qo‘yish fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish bilan kompensatsiya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi” degan gaplari bejizga aytilmagan. O‘ylaymizki, Chiroqchi tumanida yuzaga kelgan mazkur holat amaldagi qonun hujjatlari bilan bir qatorda, ijtimoiy adolat  va xalqning roziligi tamoyillariga asoslangan holda hal etiladi.

 

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid